Farzand insonga Alloh tomonidan beriladigan eng buyuk ne’matlardan biri. Albatta, har bir ota-ona jigargo‘shasining baxt-u kamolini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq hayot yo‘llari har doim ham biz o‘ylagandek silliq kechmaydi. Ba’zan taqdir inson boshiga turli sinovlarni yog‘diradi, gohida jondan aziz dilbandidan judo qiladi. Dunyoda farzand dog‘ini ko‘rishdan-da, og‘irroq musibat yo‘q. San’at vakillari orasida ham farzandidan erta ayrilganlar bisyor. Quyida ularning ayrimlari haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
Maryam Ixtiyorova buyrak yetishmovchiligi sabab o‘g‘lidan ayrildi
Foto: YouTube
O‘zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova 1963 yilda taniqli aktyor Baxtiyor Ixtiyorov bilan oila qurgan. Ular 35 yillik turmushi davomida ikki o‘g‘il va qiz farzandning ota-onasi bo‘lgan. Marhum Baxtiyor Ixtiyorov intervyularining birida er-xotin munosabatlarining darz ketishiga kenja o‘g‘li Elyorjonning o‘limi sabab bo‘lganini aytgandi.
Maryam Ixtiyorova o‘g‘lining vafotidan so‘ng infarktga uchragan va bir necha oy kasalxonada davolangan. Aktrisa bu tushkun vaziyatdan uni san’at olib chiqqani va s’yomkalar sabab oz bo‘lsa-da, dardini unutganini ta’kidlab o‘tadi.
— Hayotimdagi eng katta fojia kenja o‘g‘lim Elyorjonning erta olamdan o‘tishi bo‘lgan. U suyangan tog‘im, ishonchim edi. Aslida o‘g‘lim bolaligidan tug‘ma buyrak yetishmovchiligi bilan og‘rirdi. Bo‘ylari baland, vazni 95 kilogramm bo‘lgan o‘g‘lim, sog‘ayib ketishiga ishonardim. Afsuski, Elyorjon 33 yoshida olamdan o‘tdi.
Uzoq yillik turmush o‘rtog‘im Baxtiyor Ixtiyorov bilan ajrashganimda ham tushkunlikka tushganman. Ammo o‘g‘limning o‘limi hayotimdagi barcha yo‘qotishlardan ham og‘irroq keldi, — deya xotirlaydi Maryam Ixtiyorova.
G‘ulomjon Yoqubov bir kunda ikki o‘g‘lini yo‘qotgan
Foto: «Darakchi»
O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov 1998 yili hayotidagi eng og‘ir kunlarni boshdan o‘tkazgan. U bir kunda ikki o‘g‘il farzandidan ayrilgan.
— Bu voqeadan keyin men kamida aroqxo‘r bo‘lib ketishim kerak edi. Chunki jigargo‘shasidan ayrilish oson emas. Eng yomoni bir kunda ikki farzandimdan ayrilganman. U yillari Nazarbekdagi hovlida yashardik. Katta o‘g‘lim AQSHga ketgandi. Keyingisi esa 22 yoshga to‘lib, onasi to‘y harakatiga tushib qolgan kezlar edi. O‘sha kuni ham onasi sovchilikka ketgandi. Mahalladagi hamshira qiz osma ukolni noto‘g‘ri qilgani sababli ahvoli yomonlashgan. Shunda kenja o‘g‘lim akasini ToSHMIga olib borish uchun mashina ruliga o‘tirgan. Aslida u mashina haydashni yaxshi bilmasdi. Mashina jarga ag‘anab, ikki soat ichida ikki farzandimdan ayrilganman. Vafot etgan katta o‘g‘lim Toshkent davlat yuridik institutida o‘qirdi. Kenja o‘g‘lim esa Toshkent davlat texnika universitetining tayyorlov kursiga qatnardi. Afsuski, ularning baxt-u kamolini ko‘rish nasib etmadi, — deydi G‘ulomjon Yoqubov.
Xonanda 1999 yil farzandlari xotirasiga bag‘ishlab qo‘shiq ham ijro etgan.
To‘ti Yusupova ham ikki jigargo‘shasini tuproqqa qo‘ygan
Foto: Instagram / @milliyteatr
O‘zbekiston xalq artisti To‘ti Yusupova ham ketma-ket farzand judoligini ko‘rgan. Uch farzandning onasi bo‘lgan aktrisa ketma-ket ikki o‘g‘lidan ayrilgan.
— Hayot go‘yo rejissyor tomonidan sahnalashtirilgan spektaklga o‘xshaydi. Hayotimda juda ko‘p ayriliqlarni ko‘rdim. Ammo eng og‘iri yosh farzandni yo‘qotish ekan. Katta o‘g‘lim 42 yoshda olamdan o‘tdi. U Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan bo‘lsa-da, tadbirkorlik bilan shug‘ullanardi. O‘g‘lim do‘stlari bilan Pokistonga sayohatga borgandan keyin jiddiy xastalikka chalindi. Bunga uy sharoitida tayyorlangan sharbatdan iste’mol qilgani sabab bo‘lgan. O‘g‘lim sho‘rlik uni ko‘chadan sotib olgan ekan, sharbat sabab ichak infeksiyasini yuqtirib olganini aytishdi.
Avvaliga qorni og‘rib yurgan, undan keyin ichaklari chiriy boshlagan. Bir yil ichida o‘g‘limning ahvoli kundan-kunga yomonlashib, vafot etdi. Ko‘zimdagi yosh yerga tushmasdan akasiga ergashib, kenja o‘g‘lim ham o‘pka kasalligidan vafot etdi. U endigina 38 yoshni qarshilagandi. Bu ham bir sinov ekan, deb chidashga harakat qildim, ammo, kenja kelinimning og‘ir xastalikka uchragani kuchli zarba bo‘ldi. Chunki o‘g‘illarim vafot etganida nabiralarimga qaraydigan kelinlarim bor, deb o‘zimni ovutgandim. Afsuski, kenja kelinimning vafotidan so‘ng nabiralarim chin yetim bo‘lib qolishdi, — degan edi To‘ti Yusupova intervyulardan birida.
Mahmud Namozov 12 yoshli o‘g‘lidan ayrilgan
Foto: Instagram
— Bu voqea Toshkentga endi kelganimda yuz bergan. Surxonda o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborga ega edim. Toshkentga kelib, katta qozonda ham qaynab ko‘raylik deb, shu yerga kelganmiz va jarga qulab ketganmiz. Hech kim bizga yordam bera olmagan. Oldin bizga yordam beramiz, degan odamlar sekin o‘zlaridan chetlashtirgan. Ikki o‘g‘lim Uspenskiy nomidagi musiqa maktab-internatida o‘qirdi. Olti kun o‘qish, bir kun uyga dam olishga kelardi. Katta o‘g‘lim 14, ikkinchim 12 yosh. Kattam barabanda, ikkinchim violonchelda o‘qiydi. Qishki ta’tilda uyga kelganida kichkinam faqat yotib uxlaydi. Biz uning nega buncha ko‘p uxlashini tushuna olmaymiz. Keyin bilsak, u gepatitning og‘ir formasiga chalingan ekan. Bilmay qolibmiz. U yoq, bu yoqqa ko‘rsatgunimizcha, 5-10 kun ichida bola ko‘z o‘ngimizda o‘lib qoldi.
Hech narsa qila olmay qoldik. Endi u paytdagi dod-voyni ko‘rsangiz edi, ahvolimiz juda abgor edi. Pulim, imkoniyatim bor, lekin hech narsa yordam bera olmadi. O‘sha paytda prezidentga qaraydigan shifokor ham kelib ko‘rib, kech qolganimizni aytdi. Sariq kasalning og‘ir formasiga uchragan ekan, bolamiz qo‘limizda jon berdi. Surxondaryoga qo‘yib kelishimiz kerak. Shunaqa qalin qor yog‘gan, tizza bo‘yi keladi. Uch mashinaga bo‘linib, yo‘lga chiqdik. Yo‘llar yaxmalak, yurib bo‘lmaydi. Soatiga 20-30 kilometr tezlikda yuryapmiz. Haydovchilar charchab, holdan toyib qoldi.
O‘g‘lim mening mashinamda. Haydovchilar choy ichishga tushib ketdi. Tasavvur qiling, mashinada o‘tiribsiz, tushirilgan old o‘rindiqda bolangizning tanasi yotibdi. Shu paytda Toshkentga borib, nima topdim, degan o‘ylar o‘tgan xayolimdan. Shuning uchun keldimmi, deganman, — deya hikoya qiladi Mahmud Namozov.
Xonandaning aytishicha, farzandining o‘limidan so‘ng u qattiq tushkunlikka tushib qolgan.
«Toshkentga qaytib, o‘g‘limning yettisini berdik. O‘sha paytda hayot to‘xtab qolgandek bo‘ldi. Ikki-uch kun uyda faqat yotganman. Ayolim o‘shanda tug‘ruqxonada ishlardi. U ishga chiqib ketdi. Bir kuni u ishdan keldi-da, qachongacha yotasiz, bo‘ldi endi, qolganlariga umr bersin, dedi. Aslida, u mendan ko‘proq kuyishi kerak, lekin u menga dalda bo‘lgan. Bu voqeani eslashni ham xohlamayman. Hozir eslayotganim — boshingizdan o‘tkazganingizni kimgadir aytsangiz, unga foydasi tegishi mumkin. Kimdir otasini yo‘qotadi, kimdir pulini, kimningdir uyi yonib ketadi, hayotda yo‘qotishlar bo‘ladi, lekin bu degani hayot tugadi, degani emas, Allohning ishiga hech qachon shak keltirish kerak emas. Hayot sinovlaridan munosib o‘tsakgina, ularning orqasidan bizga mukofot beriladi», — deydi xonanda.
Ra’no Yarashevaning qizi to‘rt yoshida vafot etgan
Foto: YouTube
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Yarashevaning uch farzandning onasi bo‘lgan. Madina Mumtozning Dilfuza ismli opasi u tug‘ilmasidan avval to‘rt yoshida kasallik sabab vafot etgan. Taniqli aktrisa intervyularidan birida muvaffaqiyatsiz birinchi turmushi hamda to‘rt yoshli qizi erining qasami tufayli vafot etgani haqida iztirob bilan so‘zlab bergan edi.
— Do‘stlar bilan bir davrada o‘tirganimizda she’rlar o‘qishim turmush o‘rtog‘imga yoqmas edi. O‘sha davradan chiqib toki uyga kelgunimizcha nimaga o‘zingni ko‘rsatasan, deb men bilan janjallashib kelardi. Bu odatidan so‘ng keyingi o‘tirishlarga bormayman, desam, sen men bilan birga yurishga or qilyapsanmi, derdi. Alloh bizga qiz berdi, o‘g‘il berdi, ammo tortishuvlarimiz tugamadi. Men o‘ylagan erkinlik, orzular bo‘lmadi, turmush degani ham juda mashaqqatli hayot ekan.
Bir kuni o‘sha odam ichib kelib, qattiq jism bilan boshimga urgan. Uydan dadamnikiga chiqib ketganman. Buni dadam ko‘rib, nima bo‘ldi, dedilar. Dadamga osonlikcha ko‘p narsani aytmas edim, chunki jahldor edi. Bo‘lgan voqeani aytganimda, seni ham biror aybing bordirki, shunday urgandir, dedilar. O‘z-o‘zidan shunday janjal bo‘lganini aytganimdan so‘ng akam, onam, dadam mashinaga o‘tirib, erimning uyiga kelganmiz.
Bir janjallashganimizda erim agar oilam bilan asossiz janjallashsam, zarracha ko‘nglini og‘ritsam, bolamning o‘ligining ustida turay, deb qasam ichgandi. O‘shandan so‘ng to‘rt yoshlik qizalog‘imiz o‘lib qoldi. Yosh oilalar har qanday vaziyatda ham bolalarini o‘rtaga qo‘yib qasam ichishlari kerak emas. Har qanday holatda ham bu narsaga jiddiy e’tibor berish kerak.
Xullas, dadam bilan erimning hovlisiga bordik. Dadam erimga nimaga qizimni urding, dedilar. Ular jim turdilar. Qizim o‘g‘rilik qildimi, buzuqlik qildimi, uyingdan biror narsani sendan so‘ramasdan sotib yubordimi, nima qildi?, — dedilar. Endi oilada bo‘ladi-ku, urdim-da, deb javob berganlarida dadam u odamga musht tushirib yubordi. Shu voqeadan so‘ng biz butunlay ajrashib ketdik, — deydi Ra’no Yarasheva.
Farangiz Rejametova hayot bo‘lganida 29 yoshni qarshilardi
Foto: Instagram / @rejametovaf
2018 yil aktrisa Fotima Rejametova uchun og‘ir keldi. U yakka-yu, yagona qizi Farangiz Rejametovadan ayrildi. Yodingizda bo‘lsa, Farangiz 20 iyul kuni yo‘l transport hodisasi sabab vafot etgandi.
— Bu haqida gapirish men uchun og‘ir. Hech bir inson farzandim deb bo‘zlamasin ekan. Qizim farishta misol edi. U hamisha qalbimda yashaydi. Qizim bahorni yaxshi ko‘rardi. Chunki uning surati va siyrati ham bahordek nafis edi. Taqdir menga shunday qizni in’om etganidan hamisha minnatdorman, — deydi Fotima Rejametova.
Farangiz Rejametova hayot bo‘lganida bu yil 29 bahorni qarshilagan bo‘lardi. Fotima Rejametova 2020 yilning 6 aprelida Farangizning tug‘ilgan kuni munosabati bilan unga atab qo‘shiq kuylagan edi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Isroil mudofaa vaziri: 'Hizbulloh' allaqachon mag‘lub bo‘lgan
Yaponlar qishda uylarini qanday isitadilar?
AQSH razvedkasi xodimi qo‘lga olindi. U maxfiy ma’lumotlarni sizdirishda gumonlanmoqda
Andijonda Tez tibbiy yordam markazi direktor o‘rinbosari o‘z ishiga tiklandi