Maryam Tillayeva ko‘chada notanish erkak hujumiga uchragani haqida so‘zlab berdi

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning 27 yoshli nevarasi Maryam Tillayeva Arno Kosyan bilan to‘yga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Rossiyaning “Stavka na lyubov” (“Muhabbat garovi”) realiti-shousining ikkinchi mavsumi ishtirokchisi bo‘lgan Maryam erkaklar bilan tanishishga qiziqmasa-da, ayrim kishilarning unga shilqimlik qilishi haqida VOICЕ nashriga so‘zlab berdi.
Tillayevaning aytishicha, yaqinda restoranga kechki ovqatga ketayotganida ko‘chada notanish erkak unga yaqinlashgan. Maryamning oyog‘ida baland poshnali tufli bo‘lgan, o‘zi esa tansoqchisiz ketayotgan edi.
Erkak mashinasidan tushib, “Yaxshi qiz, siz bilan tanishmoqchiman”, degan. Maryam esa u bilan tanishishni istamasligini aytgan. Shunga qaramay, notanish kishi mashinasini orqaga haydab, uni kuzatishda davom etgan. Keyin esa mashinasidan chiqib, yana uni chaqirgan va qo‘lidan ushlab olgan.
“Meni tushunmadingiz, shekilli. Tanishishni xohlamayman”, degan Maryam unga baqirib, qo‘lini qo‘yib yuborishini talab qilgan.
Ushbu voqea blogerni qattiq qo‘rqitgan. U restoranga yetib borganidan keyin ham ancha vaqtgacha o‘zini o‘nglay olmay, qaltirab o‘tirganini aytdi.
“Juda qo‘rqib ketdim. O‘shanda butun vujudimni titroq bosdi. Restoranga yetib keldim-u, lekin o‘zimga kelolmay, ancha vaqt qaltirab o‘tirdim. Keyin nima bo‘lishini bilmasdim-da. Meni mashinasiga sudrab tiqib, qayergadir olib ketishi ham mumkin edi”, degan Tillayeva.
Maryam o‘sha paytda dovdirab qolganini tan oldi. Uning ta’kidlashicha, kelajakda shunday vaziyat yana yuzaga kelsa, albatta politsiyaga qo‘ng‘iroq qiladi.

Tillayeva Amerikada katta bo‘lganini aytib, u yerda ayollarning shaxsiy chegaralariga munosabat biroz boshqacha ekanini ta’kidladi.
“Men Amerikada katta bo‘lganman, u yerda ayol kishiga aytilgan oddiy maqtov ham shaxsiy chegaralarning buzilishi deb hisoblanishi mumkin. Bu yerda esa bir erkak mashinadan yugurib tushdi-da, ortimdan quvdi”, dedi u.
Maryam shunga o‘xshash yana bir voqeani ham esladi. U Qo‘shma Shtatlarda taksida yigiti bilan telefon orqali tortishib ketayotganida, haydovchi uni tinchlantirish maqsadida qo‘lini tizzasiga qo‘ygan. Tillayeva bundan norozi bo‘lib, baqirgan va haydovchidan uni yigitining yoniga olib borib qo‘yishini talab qilgan.
Voqeani yigitiga aytib berganidan so‘ng, u Maryamga haydovchi ustidan shikoyat qilishni maslahat bergan. Tillayeva shunday qilganini, qo‘llab-quvvatlash xizmati esa holatga jiddiy yondashib, bir necha bor uzr so‘raganini aytdi. Shuningdek, sayohatlar uchun kredit taqdim etilgan va haydovchi ishdan bo‘shatilgan. Blogerning aytishicha, o‘sha paytda u taxminan 18 yoshda bo‘lgan.

Tillayeva bu kabi holatlar uni ayollar uchun shaxsiy chegaralar haqida ochiq gapirish muhimligi haqida o‘ylashga majbur qilganini aytdi.
“Menimcha, erkaklarga qanday xatti-harakat noo‘rin bo‘lishi va ayolni qo‘rqitishi mumkinligini yaxshiroq tushunishga yordam beradigan ma’rifiy dasturlar kerak. Qolaversa, qizlar ham bu haqda ochiq gapirishdan qo‘rqmasligi muhim”, deya xulosa qilgan Maryam.
Avvalroq Maryam Tillayeva Arno Kosyan bilan to‘yini kechiktirayotganini ma’lum qilgan edi. U bunga o‘zaro kelishmovchiliklar sabab bo‘lganini aytgan bo‘lsa-da, yigiti bilan turmush qurish fikridan qaytmaganini ta’kidlagan. Ularning to‘yni tashkillashtirish uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘lgan.






























Izohlar 0
…