“Sen aqldan ozgansan”. Tramp Netanyaxuni keskin haqoratladi

AQSH prezidenti Donald Tramp Livan hududiga berilgan zarbalar sabab Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni telefon orqali qo‘pol so‘zlar bilan tanqid qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Axios manbalarga tayanib xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, suhbat davomida Tramp Isroil hukumati rahbarini “aqldan ozgan” deb atagan. Shuningdek, u korrupsiya ishi bo‘yicha Netanyaxuni qamalishdan qutqarishga yordam berganini eslatib o‘tgan. Uning ta’kidlashicha, Livanga qilingan zarbalar oqibatida Netanyaxu xalqaro maydonda tobora ko‘proq tanqidga uchrayotgani va bu Isroilning yanada kattaroq tashqi yakkalanishga sabab bo‘lishi mumkin.
“Sen aqldan ozgansan. Men bo‘lmaganimda qamoqda o‘tirarding, seni qutqarganman. Hozir hamma seni yomon ko‘radi. Qilgan ishlaring tufayli Isroilga nisbatan nafrat kuchaymoqda”, degan Tramp suhbatda.
Shu bilan birga, Tramp Livanda tinch aholi orasida qurbonlar ko‘paygani va “Hizbulloh” qo‘mondonlariga qarshi operatsiyalar doirasida turar joy binolari vayron qilinayotganidan xavotir bildirgan.
1 iyun kuni Netanyaxu Eron qo‘llab-quvvatlaydigan “Hizbulloh” guruhi bilan ziddiyat kuchayganini sabab qilib, Bayrutning janubiy hududlariga zarba berishga buyruq bergan edi. Bundan bir kun oldin esa “Hizbulloh”ning Isroil shimoliga qilgan hujumlaridan so‘ng Livanda quruqlikdagi operatsiyalar kengaytirilgan.
AQSH ma’muriyatiga yaqin manbalar Axios'ga ma’lum qilishicha, telefon suhbati chog‘ida Tramp Livandagi tinch aholi qurbonlari ko‘paygani va “Hizbulloh” qo‘mondonlarini yo‘q qilish jarayonida turar joylar buzilayotganidan qattiq xavotir bildirgan.
Suhbatdan so‘ng Tramp Isroil va Livan “Hizbulloh” harakati o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi. U Netanyaxu bilan “juda samarali suhbat” o‘tkazganini ta’kidladi. Shundan keyin Bayrutga qo‘shin kiritilmasligi, yo‘lda bo‘lgan harbiy bo‘linmalar ortga qaytarilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, Tramp yuqori martabali vakillar orqali “Hizbulloh” bilan ham muzokaralar o‘tkazilgani, natijada o‘t ochish to‘liq to‘xtatilishiga kelishilganini bildirdi.
“Isroil ularga hujum qilmaydi, ular ham Isroilga hujum qilmaydi”, dedi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.





























Izohlar 0
…