50 yildan oshgan avtomobillardan foydalanish qoidalari masalasi oydinlashdi

O‘zbekistonda 1 fevraldan ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan transport vositalaridan foydalanish hamda ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlangani haqida xabarlar tarqalgan edi. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti bu masalaga aniqlik kiritib, antikvar deb topilgan avtotransport vositalari mazkur tartibdan mustasno ekanini ma’lum qildi.
Qanday mashinalar antikvar hisoblanadi?
Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan, shu bilan birga asl holati — ya’ni tashqi ko‘rinishi, tuzilishi va asosiy agregatlari saqlanib qolgan avtotransport vositalari antikvar hisoblanadi. Bunday transportlar uchun yangi joriy etilgan ANT seriyali alohida davlat raqam belgilari beriladi.
IIV Jamoat xavfsizligi departamenti matbuot xizmati tushuntirishicha, fuqarolar bu turdagi transport vositalariga davlat raqam belgisini olish uchun joriy yil 1 fevraldan boshlab hududiy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalarining ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalariga murojaat qilishlari lozim.
Antikvar avtomobillarga qaysi raqamlar beriladi?
Hukumat qaroriga ko‘ra:
-Yuridik shaxslarga tegishli antikvar avtomobillarga: I, IA yoki IE, IAE tipli, ANT seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari;
-Jismoniy shaxslarga tegishli antikvar avtomobillarga: III, IIIA yoki IIIE, IIIAE tipli, ANT seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari;
-Yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarga esa: I, IA yoki IE, IAE tipli, TTT seriyali ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari taqdim etiladi.
Qisqasi, 50 yildan oshgan har qanday avtomobil “taqiq” degani emas — agar mashina asl holatini saqlagan bo‘lsa, u antikvar sifatida rasmiylashtirilib, alohida seriyada raqam olishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!