Ramazon oyida iftor va saharlikni to‘g‘ri rejalashtirish uchun shifokor maslahatlari

Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish nafaqat qulaylik, balki sog‘liq uchun ham juda muhim. Kun davomida organizm uzoq vaqt suvsiz va ovqatsiz qolgani uchun iftor va saharlikdagi tanlovlar vazn, qon bosimi, oshqozon-ichak faoliyati hamda umumiy holatga bevosita ta’sir qiladi.
Shifokorlar eng avval suv masalasiga e’tibor berishni tavsiya qiladi: iftordan sahargacha kamida 6–8 stakan suvni bo‘lib- bo‘lib ichish kerak. Gazli va energetik ichimliklar esa aksincha, suvsizlanishni kuchaytirishi mumkin. Iftorni ham yengil taomdan boshlash maqbul: xurmo, iliq suv yoki sho‘rva oshqozonni “yumshoq” tayyorlaydi, yog‘li va qovurilgan ovqatni birdaniga ko‘p yeyish esa gastrit va og‘riq chaqirishi ehtimol.
Saharlikni o‘tkazib yuborish ko‘pincha kun davomida xolsizlik, bosh aylanishi va qon bosimi tushishiga olib keladi. Shuning uchun saharda tuxum, sut mahsulotlari, sabzavotlar va donli ovqatlar kabi to‘yimli, lekin yengil hazm bo‘ladigan mahsulotlar tavsiya etiladi. Shu bilan birga, achchiq, sho‘r va haddan tashqari yog‘li taomlar chanqoqni kuchaytirib, yurakka ortiqcha yuklama berishi mumkin.
Kofe va choyni ham me’yorda ichish kerak, chunki ularni ko‘p iste’mol qilish suvsizlanishga sabab bo‘lishi mumkin. Jismoniy faollikni esa iftordan 1–2 soat o‘tib yengil mashq tarzida yoki sahardan oldin rejalashtirish maqbul. Agar kimdadir qandli diabet, yurak, buyrak yoki oshqozon kasalliklari bo‘lsa, ro‘za tutishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish shart — sog‘liqda tavakkal qilish “savob” emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!