Buxoro cho‘lida katta ko‘l paydo bo‘ldi

Buxoro cho‘lida katta ko‘l paydo bo‘ldi

Buxoro viloyati Peshku tumanidagi Gazli shaharchasi shimolida so‘nggi yarim yil mobaynida me’yordan uch baravar ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilishi natijasida katta suv havzasi paydo bo‘ldi. Bu haqda Ekologik partiya ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘l ilgari suvsiz bo‘lgan “Sho‘rbuloq” hududida shakllangan. Ayni paytda uning umumiy maydoni taxminan 80 kvadrat kilometrni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich Buxoro shahri va Chorvoq suv ombori hajmi bilan taqqoslanganda ancha katta ekani bilan e’tiborni tortadi.

Mutaxassislar fikricha, suvning to‘planishiga nafaqat ko‘p yog‘ingarchilik, balki Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar ham ta’sir ko‘rsatgan. Xususan, baliqchilikni rivojlantirish maqsadida qazilgan kichik kanallar orqali atrofdagi sizot suvlari ushbu hududga yo‘naltirilgan. Suv esa umumiy uzunligi 126 kilometr bo‘lgan kollektor kanali orqali kelib tushmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 500 dan ortiq ko‘l mavjud. Ularning aksar qismi mavsumiy yoki nisbatan kichik ko‘llar hisoblanadi. Hozirda mamlakatdagi eng yirik suv havzasi Jizzax va Navoiy viloyatlari hududida joylashgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘lib, uning umumiy maydoni taxminan 3500–4000 kvadrat kilometrni tashkil qiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar