Konor Makgregor jangi chiptalari 4 daqiqada sotilib ketdi

AQSHning Las-Vegas shahrida o‘tkaziladigan UFC 329 turniriga chiptalar juda qisqa vaqt ichida sotilib ketdi. Xorijiy ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, chiptalar savdoga chiqarilganidan so‘ng bor-yo‘g‘i 240 soniya ichida tugagan.
Chipta narxlari zalning yuqori qavatidagi o‘rinlar uchun 600 dollar, oktagon atrofidagi birinchi qator joylar uchun esa 43 ming dollar etib belgilangan.
11 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan ushbu turnirning markaziy jangini irlandiyalik MMA jangchisi Konor Makgregor yarim yengil vazn toifasining sobiq UFC chempioni Maks Xolloueyga qarshi revansh sifatida o‘tkazadi. Mazkur bahs yarim o‘rta vazn toifasida tashkil etiladi.
Bu ikki sportchining ikkinchi jangidir. Ular ilk bor 2013 yil avgust oyida oktagonga chiqqan va o‘sha bahsda Makgregor hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozongan.
Xabarlarga ko‘ra, Konor Makgregor ushbu jang orqali 15 million dollar daromad oladi. Shuningdek, irlandiyalik sportchi uchun hajmi hozircha oshkor etilmagan qo‘shimcha bonus ham nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun, u UFC tarixida bir vaqtning o‘zida ikki vazn toifasida chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan ilk jangchi hisoblanadi.





























Izohlar 0
…