19:23 / 26.07.2023
382

Raqiblarni zir qaqshatayotgan 4 vaznda jahon chempioni Naoya Inoue o‘zi kim?

Raqiblarni zir qaqshatayotgan 4 vaznda jahon chempioni Naoya Inoue o‘zi kim?

Jahon professional boks olamida yaponiyalik charm qo‘lqop ustalari o‘rniga ega.  Jumladan, Riota Murata, Ryosuke Ivasa, Kosei Tanaka, Kazuto Loka yana bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Lekin kunchiqar yurtda yana bir bokschi voyaga etganki, u nafaqat Yaponiya, balki butun dunyoni lol qoldirishda davom etmoqda.

Bu yaponiyalik “Monstr” nomi bilan mashhur, 4 vaznda jahon chempioni Naoya Inouedir (25-0, 22KO).

Biz yapon bokschisining hozirga qadar, bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashladik...

Naoya Inoue 1993 yil 10 aprelda Yaponiyada tavallud topgan. Yoshligidan boksga qiziqishi baland bo‘lgan. Uning murabbiyi va otasi Shingo Inoue. Naoya havaskor boksda juda ko‘plab omadsizliklarga uchraydi.

Uning eng birinchi katta yutug‘i 2009 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Yaponiya milliy chempionatidagi oltin medal edi.

Shundan so‘ng, u 2010 yil Tehronda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionatini bronza medal bilan yakunlaydi. 2011 yil Indoneziyada o‘tgan prezident kubogida oldin medal sohibi bo‘ladi. U 2011 yil Bakudagi jahon chempionatini birinchi saralashidayoq Yosvani Veytiyaga imkoniyatni boy berdi.

2012 yil London Olimpiadasi yo‘llamasi uchun o‘tkazilgan Osiyo-Okeaniya mintaqaviy turnirda finalgacha etib borib, qozog‘istonlik Birjan Jakubovga  mag‘lub bo‘ldi.

Uning havaskor yo‘nalishdagi statistikasi 81 jang, 75 g‘alaba (48tasi nokaut bilan) 6 mag‘lubiyat.

 U professional faoliyatini 2012 yil boshlaydi va “Ohashi Boxing Gym” bilan shartnoma imzolaydi. Inoue promouteri bilan hech qachon oson raqib bilan jang qilmaslikka kelishdi.

Dastabki janglarini 49 kg gacha bo‘lgan vaznda o‘tkazib, Jerson Mancio (18-3-3), Ryoichi Taguchi (18-1-1), Yuki Sano (17-2-4), Bunnam Txammakxun ( 9-10-0), Krison Omayao (16-4-1) kabi kuchli raqiblarni birin ketin muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratdi.

2014 yil Naoya 6-janggida 50,8 kg vazn toifasida WBC chempioni Adrian Xernandesni mag‘lub etib, ilk jahon chempionlik kamarini qo‘lga kiritdi.

Bitta himoya jangidan so‘ng, u vazn ko‘tarishga qaror qiladi va kuchli raqibi, 52,1 kgda WBO chempioni Omar Andres Narvaesni (43-1-2) mag‘lub etish barobarida navbatdagi vaznning chempionlik kamariga ega chiqdi.

U ushbu kamarni 7 bora himoya qilib, barcha raqiblarini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Endi Inoue 53.5 kg vaznda WBA Regular kamari uchun "ovga chiqadi". Raqib Jamie McDonnell (20-1-0) qahramonimizga 1 raund ham dosh bera olmaydi.

Ushbu g‘alabadan keyin Inoue Muhammad Ali kubogi uchun WBSS super seriyasida ishtirok etishni maqsad qildi va chorak finalni 2018 yil 7 noyabrda Xuan Karlo Payanoga (20-1, 9 KO) qarshi o‘tkazdi. Yana avalgi jangdagi holat 1-raundda 70 soniya va nokautli g‘alaba!

Yarim finalni 2019 yil 18 mayda Shotlandiyaning Glazgo shahrida Emmanuel Rodriges (19-0, 12 KO) ga qarshi o‘tkazdi. Bu vaznda WBO chempioni Zolani Tete yarim finalda musobaqani tark etgani sababli, ushbu jangga “The Ring “chempionlik kamari ham tikildi. Jang 2 raund davom etdi. Rodriges 3 marotaba ringga qulaydi va nokaut... Inoue WBA chempioni!

2019 yil 7 oktyabrda WBSS'dagi finalida Nonito Doneyrga qarshi anchagina shiddatli kechgan bahsda Inoue ochkolar hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi va IBF kamarini ham o‘ziniki qilib oldi.

Shundan so‘ng Naoya “Top Rank” promouterlik kompaniyasi mijoziga aylandi.

Keyingi janglarida Jeyson Meloni, Maykl Dasmarinas, Aran Dipen kabi raqiblarni 12 raundga olib bormay er tishladti. Endi Inoue 53,5 kgda mutlaq jahon chempioni bo‘lishni jiddiy maqsad qiladi. 2022 yilga kelib, bu yo‘lda u o‘sha paytda WBC kamariga ega bo‘lgan o‘zining eski raqibi Nonito Doneyrni 2-raundda, keyin esa WBO chempioni Pol Batlerni 11-raundda mag‘lub etgan holda mutlaq jahon chempioni nomiga sazovor bo‘ldi.

Yaponiyalik "Monstr" shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Endigi qadam yana bir yuqori vazn, birinchi yarim engil (55,3 kg) vaznda ham barcha kamarlarga ega chiqish edi. 2023 yil 18 yanvar kuni u ushbu divizionda WBC va WBO kamarlari egasi Stiven Fulton bilan muzokaralarga kirishgani oshkor qilindi. Dastavval, ular o‘rtasidagi bahs 7 may kuni bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Ammo Inoue mashg‘ulotlar davomida jarohat olgani bois, bahs 25 iyulga qayta belgilanadi. Ushbu to‘qnashuvga Yaponiyaning “Ariake Arena” sport saroyi mezbonlik qildi. Jangda Inoue 8-raundda texnik nokaut evaziga g‘alabani qo‘lga kiritdi va o‘zi uchun 4-vazn toifasida ham chempionlik kamarlariga ega bo‘ldi.

Uning endigi maqsadi WBA va IBF kamarlari egasi Marlon Tapales bilan jang qilish va bu vaznda ham mutlaq chempionlikni qo‘lga kiritish. Ushbu bahs bo‘yicha rejalar tuzilishi alla qachon boshlab yuborilgan.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, aslida bu kamarlar hamyurtimiz Murodjon Ahmadalievga tegishli edi va uni himoya jangida Tapalesga boy berdi. Akc holda bugun Inoue va Ahmadaliev jangi haqida gapirayotgan bo‘lar edik...

Naoya Inoue hozirda The Ring jurnali P4P reytingida 2-o‘rinni egallab turibdi. U ushbu reyting yangilanganidan so‘ng, katta ehtimol bilan peshqadamga aylanadi.

Jalol Axmedov tayyorladi


arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Raqiblarni zir qaqshatayotgan 4 vaznda jahon chempioni Naoya Inoue o‘zi kim?