O‘zbekiston sport jamoatchiligi yana bir marotaba iftixorli xabar bilan quvondi. Yosh va iste’dodli para yengil atletikachi Yorqinbek Odilov Hindiston poytaxti Nyu-Dehli shahrida o‘tayotgan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etib, vatanimiz sharafini yuksaltirdi.
F57 toifasidagi nayza uloqtirish bahslarida ishtirok etgan 25 yoshli sportchi o‘zining shaxsiy rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. U 52.06 metr natija qayd etib, kumush medalga ega chiqdi va musobaqaning vitse-chempioni sifatida tarixga kirdi.
Bahslarda oltin medalni turkiyalik tajribali sportchi Muhammad Halvandi 53.30 metr natija bilan qo‘lga kiritdi. Bronza medali esa 51.55 metr ko‘rsatkich qayd etgan eronlik Amanollah Papiga nasib etdi.
Yorqinbek Odilovning bu yutug‘i nafaqat shaxsiy rekord, balki uning barqaror o‘sishini ham tasdiqlaydi. Zero, u 2023-yilda Parijda tashkil etilgan jahon chempionatida ham kumush medal sohibiga aylangan edi. Endi esa Odilovning hisobida ikki marta jahon chempionati pedestaliga ko‘tarilish sharafi mavjud.
Mamlakatimiz para sportchilarining xalqaro arenalarda bunday yutuqlarga erishishi O‘zbekistonda sohaga berilgan katta e’tibor va yaratilgan sharoitlarning samarasidir. Yorqinbek Odilovning yangi zafari esa yoshlar uchun namuna bo‘lib, kelgusi musobaqalarda yanada katta natijalarga erishishga ilhom baxsh etadi.
Bu kumush medal sportchimiz uchun navbatdagi g‘alabalarga so‘qmoq ochishi va xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!