Para Osiyo o‘yinlarida yengil atletikachilarimiz shohsupalarni zabt etmoqda

Para Osiyo o‘yinlarida yengil atletikachilarimiz shohsupalarni zabt etmoqda
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • 2026 yilgi yozgi Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston para yengil atletikachilari 3 ta kumush va 3 ta bronza, jami 6 ta medalni qo‘lga kiritdi.
  • Asila Mirzayorova 200 metrga yugurishda, Yoqutxon Holbekova nayza uloqtirishda va Yorqinbek Odilov disk uloqtirishda kumush medallarni qo‘lga kiritdi.
  • Angelina Kolesnikova disk uloqtirishda, Diyorbek Umarov yadro uloqtirishda va Sodiqjon Mamadiyev uzunlikka sakrashda bronza medallar bilan taqdirlandi.

Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlari mezbonlik qilayotgan 2026 yilgi yozgi Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi muhim yutuqlar yozib qo‘yildi.

Para yengil atletika bo‘yicha kechgan murosasiz bahslarda hamyurtlarimiz yuqori iroda va mahorat namoyish etib, terma jamoamiz g‘aznasiga birdaniga 3 ta kumush va 3 ta bronza — jami 6 ta qimmatli medalni qo‘shib qo‘yishdi.

Final bahslaridagi 3 ta kumush medal

Shiddatli kechgan bellashuvlarda O‘zbekiston vakillari faxrli ikkinchi o‘rinni egallab, vitse-chempionlikni rasmiylashtirdilar:

  • Asila Mirzayorova (T11 sinfi): Ayollar o‘rtasida 200 metrga yugurish finalida o‘zining gid-yuguruvchisi Sardor Baxtiyorov bilan birgalikda yuqori tezlik ko‘rsatib, masofani 25,86 soniyada bosib o‘tdi va kumush medalga sazovor bo‘ldi;

  • Yoqutxon Holbekova (F12 sinfi): Nayza uloqtirish sektorida o‘z mahoratini namoyish etib, snaryadni 32,43 metrga qadar yetkazdi va shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi;

  • Yorqinbek Odilov (F57 sinfi): Erkaklar o‘rtasida disk uloqtirish dasturida qatnashib, 45,10 metr natija qayd etgan holda kumush medalni naqd qildi.

3 ta bronza medal: Shohsupani to‘ldirgan hamyurtlarimiz

Shuningdek, musobaqaning texnik yo‘nalishlarida O‘zbekiston sportchilari kuchli uchlikni yakunlab, delegatsiyamizga bronza medallarni taqdim etdi:

  • Angelina Kolesnikova (F44/F64 sinfi): Ayollar o‘rtasidagi disk uloqtirish bellashuvlarida 30,10 metr ko‘rsatkich bilan bronza medal sohibasiga aylandi;

  • Diyorbek Umarov (F12 sinfi): Erkaklar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha raqobatlashib, 12,54 metr natija bilan kuchli uchlikka kirdi;

  • Sodiqjon Mamadiyev (T37 sinfi): Uzunlikka sakrash musobaqasida ishtirok etib, 5,69 metr masofaga sakradi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Aichi-Nagoya–2026 Para Osiyo o‘yinlarida para atletlarimiz ko‘rsatayotgan ushbu sermahsul natijalar O‘zbekiston jamoasining umumjamoa hisobida o‘z mavqeini yanada mustahkamlashini ta’minlamoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar