
Jahon futbolidagi eng taniqli yulduzlardan biri — Neymarning kelajagi yana noaniq tus oldi. ESPN Brasil ma’lumotlariga ko‘ra, 33 yoshli hujumchining “Santos” klubi bilan amaldagi shartnomasi joriy yil oxirida yakunlanadi. Shu sababli uning yangi jamoasi qaysi bo‘lishi haqida turli mish-mishlar tarqalgan, ayniqsa uni “Inter Mayami” safida — Lionel Messi va “Barselona”dagi sobiq jamoadoshlari bilan birga ko‘rish ehtimoli muhokama qilingan edi.
Biroq manbalar ta’kidlashicha, MLS — AQSHning yetakchi klublari bu g‘oyaga uncha ham qiziqmayapti. Liganing bir nechta skautlari va sport direktorlari bilan suhbatda ular Neymarni olib kelishni iqtisodiy jihatdan ma’qul qaror deb hisoblamasliklarini aytgan. Ularning fikricha, bunday transfer katta sarmoya talab etadi, ammo natija bu sarflarni oqlamasligi mumkin.
Neymarning so‘nggi mavsumlardagi holati ham ko‘plab klublarni ikkilantirib qo‘ygan. Mutaxassislar braziliyalik yulduzning jismoniy tayyorgarligi va barqarorligi avvalgi darajada emasligini ta’kidlamoqda. Ular fikricha, u endilikda jamoaga jiddiy ta’sir ko‘rsatish yoki natijaga kafolat bera oladigan yetakchi emas.
Ba’zi klub rahbarlari Neymarni maydonda kutilgan darajada samara ko‘rsatolmayotgan, jarohatlarga moyil va katta maosh talab qiladigan futbolchi sifatida ko‘radi. Masalan, “Los-Anjeles” klubi skautlari unga nisbatan Son Hin Minni “ideal futbolchi” sifatida misol keltirgan — ham ijobiy ta’sir, ham moliyaviy barqarorlik nuqtayi nazaridan.
Xabarlarga ko‘ra, “Chikago Fayr” klubi Neymarni transfer qilish imkonini ko‘rib chiqqan, ammo keyinchalik bu rejadan voz kechgan. Klubning ichki manbalari hatto “uni qo‘lga kiritmaganimiz — biz uchun baxt” degan fikrni bildirgan. Sababi, ularning ta’kidlashicha, Neymar keyingi paytlarda nafaqat natija bermayotgan, balki jamoa muhitida ham “bosh og‘rig‘i”ga aylanish ehtimoli bor.
Braziliyalik yulduz 2023-yilda “Santos”ga qaytganidan beri 23 o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol urgan va 3 ta golli pas bergan. Biroq shu bahslarning faqat 8 tasini to‘liq o‘tkaza olgani uning jismoniy holati va o‘yin formasiga bo‘lgan shubhalarni yanada kuchaytirgan.
Futbol tahlilchilari fikricha, Neymar hozirgi bosqichda katta sarmoyalar talab etuvchi, ammo natija jihatidan xavfli transfer hisoblanadi. Shu bois, MLS klublari uning atrofidagi shov-shuvga qaramay, ehtiyotkor pozitsiyani saqlamoqda.
Shunday bo‘lsa-da, yulduz hujumchining kelajagi hali ochiq. Uning yangi manzili haqida turli taxminlar yuritilmoqda — ayrimlar uni Yaponiya yoki Saudiya klublarida ko‘rish ehtimolini ham tilga olishmoqda. Bir narsa aniq: Neymar nomi futbol dunyosida hali ham qiziqish uyg‘otishda davom etmoqda, ammo endilikda u maydondagi o‘yin emas, balki transfer bozoridagi noaniqligi bilan ko‘proq muhokama qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!