Garcia Barselonaning mag‘lubiyatidan keyin fikr bildirdi

Ispaniya chempionatining 24-turida kataloniyalik «Barselona» safarda «Jirona»ga 1:2 hisobida yutqazdi. Uchrashuvdan so‘ng «ko‘k-anorranglilar» darvozaboni Joan Garcia o‘yindan olgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Garcia ta’kidlashicha, uning asosiy vazifasi — gol o‘tkazmaslik, biroq bu bahsda darvozasi tomon zarbalar kutilganidan ancha ko‘p bo‘lgan. Darvozabonning aytishicha, jamoa mag‘lub bo‘lgan paytda u amalga oshirgan seyvlar ham o‘z qiymatini yo‘qotadi.
Shuningdek, u «Barselona» o‘yinini yaxshilashi zarurligini qayd etdi: raqiblarga juda ko‘p golli vaziyatlar taqdim etilmoqda va jamoa bu kamchilik ustida ishlash niyatida. Futbolchining so‘zlarini Marca nashri keltirdi.
Ushbu mag‘lubiyatdan keyin Hans-Diter Flik shogirdlari peshqadam madridlik «Real»dan ikki ochko ortda qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!