APL taxti uchun jang: Manchesterda chempionlik taqdiri hal bo‘ladi

APL taxti uchun jang: Manchesterda chempionlik taqdiri hal bo‘ladi
Qisqacha

Bugun Angliya Premyer-ligasida chempionlik taqdirini hal qilishi mumkin bo'lgan "olting o'yin" bo'lib o'tadi. "Manchester Siti" va "Arsenal" o'zaro to'qnash keladi, bunda "Siti"ning g'alabasi ularga peshqadamlikni tortib olish imkonini beradi. "Siti" yaxshi sport formasida bo'lib, ketma-ket g'alabalarni nishonlamoqda, "Arsenal" esa so'nggi o'yinlarda bir nechta mag'lubiyatga uchradi. O'zbekistonlik himoyachi Abdqodir Husanovning "Siti" tarkibida maydonga tushishi kutilmoqda, bu o'yinga qiziqishni yanada oshiradi.

Bugun Angliya yashil maydonlarida nafaqat navbatdagi turning, balki butun mavsumning bosh intrigasiga nuqta qo‘yilishi mumkin bo‘lgan "oltin o‘yin" bo‘lib o‘tadi. Premyer-liga taxti uchun kurashayotgan ikki asosiy daʼvogar — «Manchester Siti» va “Arsenal” Manchesterdagi “Etihad” stadionida o‘zaro hisob-kitob қиладилар. Zamin.uz chempionlik taqdirini hal qiluvchi ushbu superto‘qnashuv oldidan eng muhim tafsilotlarni jamladi.

Turnir jadvalidagi vaziyat: «6 ochkolik» imtihon

Hozirda turnir jadvalida Mikel Arteta shogirdlari 70 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Biroq, 64 ochkoga ega bo‘lgan “shaharliklar”da bitta zaxira o‘yini mavjud bo‘lib, bugungi g‘alaba va o‘sha qoldirilgan bahsdagi 3 ochko ularga londonliklarni quvib o‘tish va peshqadamlikni tortib olish imkonini beradi.

Jamoalarning sport formasi: Qarama-qarshi holatlar

Pep Gvardiola jamoasi bahorni ajoyib kayfiyatda o‘tkazmoqda:

  • Liga kubogi finalida aynan “Arsenal”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
  • Angliya kubogida “Liverpul” ustidan 4:0 hisobida zafar quchdi.
  • So‘nggi turda “Chelsi” maydonidan 3:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi.

“To‘pchilar” uchun esa aprel oyi yana omadsiz kelmoqda:

  • Angliya kubogidan “Sauthempton”ga (1:2) mag‘lub bo‘lib chiqib ketdi.
  • APLning so‘nggi turida “Bornmut”ga kutilmaganda 1:2 hisobida yutqazdi.
  • YECHL doirasida “Sporting” bilan o‘z maydonida nursiz durang (0:0) qayd etdi.

O‘zbekistonlik himoyachi asosiy tarkibda kutilmoqda

Goal nashrining taxminlariga ko‘ra, bugungi o‘ta muhim bahsda Pep Gvardiola himoya chizig‘ida hamyurtimiz Abduqodir Husanovga ishonch bildirishi kutilmoqda. Bu o‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun uchrashuvga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshirishi tabiiy.

Qiziqarli va muhim faktlar

  • Uy foydasi: «Manchester Siti» o‘z maydonida “Arsenal”ga qarshi so‘nggi 10 ta o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan (7 g‘alaba, 3 durang).
  • O‘zaro bahslar: Biroq, APLdagi oxirgi 5 ta o‘yinda londonliklar “Siti”ga imkoniyatni boy bermagan (2 g‘alaba, 3 durang).
  • Aprel omili: Statistikaga ko‘ra, aprel oyi Gvardiola uchun eng muvaffaqiyatli (o‘rtacha 2,51 ochko), Arteta uchun esa eng omadsiz (o‘rtacha 1,54 ochko) davr hisoblanadi.
  • Mag‘lubiyatsiz seriya: “Siti” o‘z uyidagi oxirgi 14 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, uchrashuv bugun, 19 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da start oladi.

Aziz muxlislar, sizningcha, bugungi bahsda kimning qo‘li baland keladi? Abduqodir Husanov “to‘pchilar” hujumini to‘xtata oladimi?

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar