James Webb 335 yorugʻlik yili uzoqlikdagi sayyorada metan borligini aniqladi

James Webb (JWST) kosmik teleskopi Yerdan taxminan 335 yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan TOI-199b ekzosayyorasi atmosferasida metan gazini qayd etdi. Ushbu kashfiyot “moʻtadil” gaz gigantlari atmosferasida metan topilgan ilk tasdiqlangan holat boʻlib, olimlar uchun koinot evolyutsiyasini oʻrganishda yangi sahifa ochadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
TOI-199b sayyorasining massasi Yupiterning 0,17 qismini, radiusi esa 0,81 qismini tashkil etadi. U oʻz yulduzi atrofini 104,9 kunda aylanib chiqadi — bu koʻrsatkich Quyosh tizimidagi Merkuriy va Venera orbitalari oraligʻiga toʻgʻri keladi. Sayyora harorati taxminan 79 °C boʻlib, u yulduziga juda yaqin joylashgan “issiq yupiterlar”ga qaraganda ancha sovuqroq hisoblanadi.
Atmosferani tahlil qilish uchun transmission spektroskopiya usulidan foydalanildi. Bunda yulduz nuri sayyora atmosferasidan oʻtayotganda turli kimyoviy elementlar yorugʻlikni oʻziga xos toʻlqin uzunliklarida yutadi. James Webb maʼlumotlari TOI-199b gaz qobigʻida metan borligini aniq koʻrsatdi, bu esa avvalgi nazariy modellarni tasdiqladi.
Tadqiqot hammuallifi, Pensilvaniya shtati universiteti astronomi Renyu Hu soʻzlariga koʻra, kelgusi kuzatuvlar atmosferadagi gazlar konsentratsiyasini aniqlashtirishga yordam beradi. Olimlar, shuningdek, sayyorada karbonat angidrid va ammiak mavjudligini ham taxmin qilmoqdalar, biroq bu maʼlumotlar hali yakuniy tasdiqini topgani yoʻq.
Metan ilgari WASP-80b (550 °C) va K2-18b kabi boshqa ekzosayyoralarda ham topilgan edi. TOI-199b kabi moʻtadil sayyoralarni oʻrganish gaz gigantlarining shakllanishi va sayyora atmosferalari evolyutsiyasini tushunishda, jumladan, Yer kabi sayyoralar modellarini aniqlashtirishda muhim ahamiyatga ega.





























Izohlar 0
…