Sem Altman sunʼiy intellekt rivojidagi navbatdagi bosqichni maʼlum qildi

OpenAI bosh direktori Sem Altman chat-botlar va SI-agentlardan keyingi sunʼiy intellekt rivojlanishining yangi bosqichi haqida soʻzlab berdi. Uning fikricha, kelajak “proaktiv SI” tizimlariga tegishli boʻlib, ular fonda doimiy ishlaydi va foydalanuvchidan alohida soʻrov kutmasdan mustaqil ravishda foydali harakatlarni amalga oshiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
OpenAI korporativ mijozlari uchun oʻtkazilgan tadbirda Altman SI mahsulotlari evolyutsiyasini uch bosqichga boʻldi. Birinchisi ChatGPT kabi chat-modellar, ikkinchisi Codex kabi murakkab vazifalarni bajaruvchi avtonom agentlar boʻlsa, uchinchi qadam vaziyatni doimiy tahlil qilib, mustaqil yechimlar taklif qiluvchi tizimlardir. “Agar kelgusi yil uchun tayyorlanish kerak boʻlgan bitta texnologiyani tanlash lozim boʻlsa, men aynan shu yoʻnalishga tikkan boʻlardim”, — dedi Altman.
Hozirgi vaqtda OpenAI oʻz mahsulotlarini yagona universal platformaga birlashtirish ustida ishlamoqda. Bu foydalanuvchilarga ChatGPT, Codex va boshqa vositalar oʻrtasida tanlov qilishda adashib qolmaslikka yordam beradi. Kompaniya maqsadi — turli servislar oʻrtasidagi aloqani sozlash va kontekstni yigʻish muammosini hal qilishdir.
Shuningdek, Altman SI joriy etish xarajatlari keskin oshayotganini taʼkidladi. Misol tariqasida u Uber kompaniyasini keltirdi: uning soʻzlariga koʻra, Uber sunʼiy intellekt uchun ajratilgan yillik byudjetini birinchi chorakdayoq sarflab boʻlgan. OpenAI modellarning samaradorligini oshirish orqali ushbu xarajatlarni kamaytirishni rejalashtirmoqda.
Nutq yakunida Altman koʻplab rahbarlar va xodimlar hali ham SI tizimlaridan samarali foydalanishni bilmasligini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, foydalanuvchilar texnologiyadan yetarlicha foydalanmayotganini tushunishsa-da, odatiy ish jarayonlarini oʻzgartirishga qiynalmoqdalar.





























Izohlar 0
…