Mira Murati yangi loyihasi bilan katta sahnaga qaytdi

Mira Murati yangi loyihasi bilan katta sahnaga qaytdi

OpenAI kompaniyasining sobiq texnik direktori (CTO) Mira Murati uzoq tanaffusdan soʻng yana jamoatchilik eʼtiboriga tushdi. Oʻzining Thinking Machines Lab nomli yangi startapiga asos solgan Murati San-Fransiskoda Bloomberg nashriga intervyu berib, sohadagi soʻnggi oʻzgarishlar va oʻzining yangi loyihalari haqida soʻzlab berdi. Bu uning soʻnggi 18 oy ichidagi ilk yirik chiqishi boʻlib, u bozorda OpenAI, Anthropic va xAI kabi gigantlar bilan raqobatlashishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Murati intervyu davomida Thinking Machines tomonidan ishlab chiqilayotgan "interaktiv modellar" haqida maʼlumot berdi. Uning soʻzlariga koʻra, bu modellar anʼanaviy ChatGPT kabi savol-javob formatidan farq qilib, audio, matn va video oqimlarini 200 millisekundlik intervallarda qayta ishlay oladi. Bu esa sunʼiy intellektga inson muloqotidagi toʻxtalishlar, tuzatishlar va his-tuygʻularni real vaqt rejimida tushunish imkonini beradi. Hozircha kompaniya ochiq manbali modellarni sozlash uchun Tinker API mahsulotini taqdim etgan.

Suhbat davomida 2023-yil noyabrida OpenAI atrofida yuz bergan mojarolar ham chetda qolmadi. Sam Altman ishdan boʻshatilgan vaqtda vaqtincha CEO vazifasini bajargan Murati oʻsha kunlarni eslab, agar u aralashmaganida kompaniya parchalnib ketishi mumkin boʻlganini taʼkidladi. Biroq, u oʻsha paytdagi qarorlaridan afsuslanmasligini, lekin koʻproq shaffoflik va aniqroq oʻtish rejasi kerak boʻlganini tan oldi.

Mira Murati sohadagi eng katta xavf sifatida qarorlar qabul qilish jarayonining juda kam sonli odamlar qoʻlida toʻplanib qolganini koʻrsatdi. Uning fikricha, gap faqat yetakchilarning shaxsiyatida emas, balki tizimli nazorat mexanizmlarining yoʻqligidadir. Shuningdek, u oʻz startapidan ayrim yuqori malakali tadqiqotchilarning ketishini tabiiy hol deb atadi va yangi AI laboratoriyasini qurish jarayonida bunday oʻzgarishlar muqarrar ekanini qayd etdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar