Google arzon Android smartfonlar uchun Gemini Go sunʼiy intellektini taqdim etdi

Google arzon Android smartfonlar uchun Gemini Go sunʼiy intellektini taqdim etdi

Google kompaniyasi Android operatsion tizimida ishlovchi eng oddiy texnik xususiyatlarga ega smartfon va planshetlar uchun Gemini sunʼiy intellekt yordamchisining maxsus talqinini eʼlon qildi. Gemini Go versiyasi Android Go platformasidagi qurilmalar uchun moʻljallangan boʻlib, u hamyonbop gadjetlar imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Yangi assistentning ishlashi uchun asosiy talab — kamida 2 GB tezkor xotira (RAM) mavjudligidir. Ushbu koʻrsatkich Android 13 talqinidan boshlab Android (Go Edition) boshqaruvidagi smartfonlar uchun standart minimum hisoblanadi. Shu tariqa, zamonaviy budjetli qurilmalarning katta qismi Gemini Go xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

Gemini Go standart sunʼiy intellektning optimallashtirilgan talqini boʻlib, u cheklangan resurslar — kichik hajmdagi xotira va past hisoblash quvvati sharoitida ishlashga moslashtirilgan. U avvalgi Google Assistant Go oʻrnini egallaydi va Google Search ilovasiga integratsiya qilingan. Foydalanuvchilar uni "Uyga" (Home) tugmasini yoki quvvat tugmasini bosib turish orqali faollashtirishlari mumkin.

Yengillashtirilgan versiya boʻlishiga qaramay, Gemini Go keng funksiyalar toʻplamiga ega. U matnlarni tahlil qilish, savollarga javob berish va kontent yaratishga qodir. Shuningdek, assistent murakkabroq soʻrovlar va muloqotlar uchun kontekst sifatida hujjatlar, fotosuratlar va boshqa fayllarni yuklash imkonini beradi.

Gemini Go xizmatini tarqatish jarayoni allaqachon boshlangan. Biroq, Google kompaniyasining boshqa yirik yangilanishlari kabi, bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va yaqin vaqt ichida barcha hududlardagi foydalanuvchilar uchun ochiq boʻladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar