Dunyodagi ilk maʼlumotlar markazi «yuragi» ishga tushirildi

Dunyodagi ilk maʼlumotlar markazi «yuragi» ishga tushirildi

Xitoyning Shandun provinsiyasi, Sindao shahrida dunyodagi birinchi modulli maʼlumotlarni qayta ishlash markazi (MQIM) bazasi foydalanishga topshirildi. Ushbu yechim sunʼiy intellekt markazlarining «yuragi» deb atalmoqda. Bu energetik xab hisoblanib, AI hisoblash quvvatlariga boʻlgan talab ortib borayotgan bir paytda qurilishni tezroq, arzonroq va ekologik jihatdan qulayroq qilishga xizmat qiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Mydrivers nashrining xabar berishicha, ushbu bazaning oʻlchamlari 53 x 41 metrni, umumiy maydoni esa taxminan 2200 kvadrat metrni tashkil etadi. Qurilmaning oʻziga xosligi shundaki, u 100 foiz «yashil» energiyadan foydalanish imkoniyatini beradi. Bu esa sunʼiy intellekt modellari tokenlari uchun elektr energiyasi sarfini amaldagi oʻrtacha koʻrsatkichlardan qariyb 30 foizga kamaytirish imkonini beradi.

Elektr taʼminoti ishonchliligi masalasiga toʻxtaladigan boʻlsak, Qingdao TGOOD Electric Co., Ltd. kompaniyasi ijrochi prezidenti Chjou Szyun ushbu uskuna uchta mustaqil energiya manbasini taʼminlay olishini taʼkidladi. Bu tizim tashqi tarmoqdagi tebranishlarga bardosh beradi, NVIDIA kabi kuchli grafik protsessorlar (GPU) yuklamasini koʻtaradi va uskunalar nosozligi holatida ham xavfsiz ishlashni kafolatlaydi.

Hozirgi vaqtda ushbu hisoblash markazi bazasi kompaniya tomonidan qurilgan shaxsiy maʼlumotlar markaziga rasman ulangan. Rejaga koʻra, joriy yilning ikkinchi yarmida ushbu texnologiya milliy darajadagi yirik maʼlumotlar markazlari klasterlari va koʻplab mahalliy hisoblash markazlarida ham tatbiq etiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar