iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max maketlari ilk bor jonli videoda koʻrsatildi

Texno-bloger va insayder Sahil Karoul tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab boʻlgan eksklyuziv videoni eʼlon qildi. Unda iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellarining toʻrtta yangi rangdagi real maketlari aks etgan. Qurilmalar toʻq qora, moviy, klassik kumushrang-oq va eng asosiysi — toʻq gilos (Dark Cherry) ranglarida namoyish etilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Soʻnggi sizib chiqqan maʼlumotlarga koʻra, aynan Dark Cherry rangi 2026-yil kuzining asosiy xitiga aylanadi va u hozirgi toʻq sariq rang oʻrnini egallaydi. iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max taqdimoti anʼanaga koʻra 2026-yilning sentyabr oyiga rejalashtirilgan.
Yangi smartfonlar korpusi yaxlit alyuminiy qotishmasidan tayyorlanadi, kamera bloki qismi esa Ceramic Shield himoya oynasi bilan qoplanadi. Qurilmalar biroz qalinlashishi kutilmoqda: iPhone 18 Pro Max modelining qalinligi kamera boʻrtigʻi bilan birga 13,77 mm ni tashkil etadi (oldingi modelda 12,92 mm edi). Bu yanada massivroq fotomodul va takomillashtirilgan optikadan dalolat beradi.
Texnik jihatdan smartfonlar TSMC kompaniyasining 2 nanometrli texnologik jarayoniga asoslangan ilk A20 Pro chipi bilan jihozlanishi kutilmoqda. Maʼlumot oʻrnida, Sahil Karoul avvalroq Samsung Galaxy S26 Ultra suratlarini va iPhone Fold prototiplarini rasmiy anonsdan ancha oldin aniq eʼlon qilgani bilan tanilgan.





























Izohlar 0
…