Xitoyda ot o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan robot yaratildi

Xitoyning DaxAI startapi minib harakatlanish mumkin bo‘lgan to‘rt oyoqli Qiji X1 robotini namoyish qildi. Yangi qurilma tashqi ko‘rinishi va harakatlanish usuli jihatidan kattalashtirilgan, motorli robot-itni eslatadi.
Ishlab chiqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, robot 300 kilogacha yukni ko‘tarish imkoniyatiga ega. Uning maksimal tezligi soatiga 9,6 kilometr bo‘lib, bir marta to‘liq quvvatlangandan keyin 40 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.
Robotning namoyishi aks etgan video ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, foydalanuvchilar qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, uning odam minib yurishi uchun moslashtirilgani e’tiborni tortdi.
Qiyin hududlarda ham harakatlana oladi
DaxAI vakillarining ta’kidlashicha, Qiji X1 oddiy yo‘llar bilan cheklanib qolmaydi. Robot murakkab sharoitlarda, jumladan, tik qiyaliklar, loyli hamda shag‘alli yo‘llarda mustaqil harakatlana oladi.
Shu sababli ishlab chiqaruvchilar uni kelajakda real sharoitlarda transport vositasi sifatida qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Robotdan og‘ir yuklarni tashish, qiyin yetib boriladigan hududlarda harakatlanish va turli qutqaruv operatsiyalarida foydalanish rejalashtirilgan.
Yangi texnologiya ijtimoiy tarmoqlarda turlicha munosabatlarga ham sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar robotning imkoniyatlarini yuqori baholagan bo‘lsa, boshqalar unga hazil bilan yondashdi. Xususan, Reddit foydalanuvchilaridan biri: «Texnologiyalar rivojlangani sabab oddiy ot eskirib qolganining ikkinchi holati», deya hazil aralash fikr bildirdi.
Shu tariqa, Xitoyda taqdim etilgan Qiji X1 nafaqat robototexnika sohasidagi yangi ishlanma, balki kelajakda og‘ir yuk tashish va murakkab hududlarda harakatlanish uchun qo‘llanishi mumkin bo‘lgan g‘ayrioddiy transport vositasi sifatida ham qiziqish uyg‘otmoqda.






























Izohlar 0
…