O‘zbekistonda 4 ming yillik sirli jarrohlik izlari topildi

O‘zbekistonda 4 ming yillik sirli jarrohlik izlari topildi
Audio versiyasi

O‘zbekiston hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida olimlarni hayratga solgan noyob topilma aniqlandi. Bronza davriga mansub bo‘lgan besh yoshli bolaning bosh suyagida qadimiy jarrohlik amaliyoti izlari topildi. Mutaxassislar ushbu topilmaning yoshi taxminan 4 ming yil ekanini ma’lum qildi.

Tadqiqotchilar fikricha, mazkur kashfiyot nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun Osiyo hududidagi eng qadimgi jarrohlik amaliyotlaridan biriga oid muhim dalil hisoblanadi.

Noyob topilma Jarqo‘tondan aniqlandi

Italiya va O‘zbekiston olimlaridan iborat ilmiy guruh Shimoliy Baqtriya hududida, Afg‘oniston chegarasiga yaqin joylashgan qadimgi Jarqo‘ton manzilgohida qazish ishlarini olib borgan. Natijada taxminan besh yoshda vafot etgan bolaning skeleti topilgan.

Qizig‘i shundaki, u yana bir kichik yoshli bola bilan bir qabrga dafn etilgan bo‘lgan. Arxeologlar mazkur dafn joyini miloddan avvalgi uchinchi ming yillik oxiriga mansub deb baholamoqda.

Qadimgi tibbiyotning noyob namunasimi?

Tekshiruvlar davomida bolaning bosh suyagida trepanatsiya — ya’ni bosh suyagini maxsus usulda teshish amaliyoti izlari aniqlangan. Olimlarning taxminicha, bu jarayon tosh yoki suyakdan yasalgan asboblar yordamida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Qadimgi davrlarda bunday amaliyotlar turli kasalliklar, jumladan, tutqanoq, kuchli bosh og‘riqlari yoki ruhiy xastaliklarni davolash maqsadida qo‘llangan bo‘lishi ehtimol qilinadi. Shu bilan birga, ayrim tadqiqotchilar bu kabi jarayonlar diniy marosimlar bilan ham bog‘liq bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Olimlarni hayratga solgan kashfiyot

Qazishma ishlariga rahbarlik qilgan Salento universiteti arxeologi Enriko Askalonening ta’kidlashicha, to‘rt ming yil avval Markaziy Osiyoda yosh bolada shunday murakkab amaliyot o‘tkazilgani ilmiy jamoatchilik uchun katta yangilik bo‘ldi.

Mutaxassislar ayniqsa operatsiyaning aynan bolada bajarilganiga e’tibor qaratmoqda. Chunki bu holat o‘sha davrda inson anatomiyasi va jarrohlik bo‘yicha muayyan bilimlar mavjud bo‘lganini ko‘rsatishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Kamola Shuhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar