O‘zbekistonda bir kilo palovning yangi qiymatlari ma’lum qilindi

O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yil may oyi uchun “Palov indeksi” natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakat hududlarida bir kilogramm palov tayyorlash uchun sarflanadigan mahsulotlar asosida hisoblangan qiymatlar ma’lum bo‘ldi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra,
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 103 557 so‘m;
• Andijon viloyati — 113 198 so‘m;
• Buxoro viloyati — 115 466 so‘m;
• Jizzax viloyati — 115 970 so‘m;
• Qashqadaryo viloyati — 117 746 so‘m;
• Navoiy viloyati — 116 889 so‘m;
• Namangan viloyati — 115 801 so‘m;
• Samarqand viloyati — 119 998 so‘m;
• Surxondaryo viloyati — 117 800 so‘m;
• Sirdaryo viloyati — 111 471 so‘m;
• Toshkent viloyati — 119 694 so‘m;
• Farg‘ona viloyati — 122 884 so‘m;
• Xorazm viloyati — 114 394 so‘m;
• Toshkent shahri — 125 126 so‘m.
Ta’kidlanishicha, mazkur ko‘rsatkichlar palov tayyorlash uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar narxi asosida shakllantirilgan bo‘lib, ular hududlarda sotilayotgan tayyor palovning bir kilogramm narxini anglatmaydi.
Ma’lumot uchun, “Palov indeksi” 2020 yil yanvar oyidan boshlab joriy etilgan. Ushbu indeksni shakllantirish jarayonida respublikaning barcha hududlarida 1 kilogramm palov tayyorlash uchun sarflanadigan mahsulotlar hajmi o‘rganiladi. Shu asosda umumiy ovqatlanish muassasalarida bir porsiya palovning o‘rtacha qiymati ham baholanadi.
Mutaxassislar qayd etishicha, palov tarkibiga kiruvchi asosiy mahsulotlar — guruch, go‘sht, sabzi, piyoz va yog‘ narxlaridagi o‘zgarishlar orqali bozordagi umumiy narxlar dinamikasini kuzatish mumkin. Shuningdek, hududlar kesimida palov tayyorlash xarajatlarini solishtirish yashash xarajatlarini taqqoslash imkonini beradi.
Jadval ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida biron-bir hududda mol go‘shtining bir kilogrammi 100 ming so‘mdan arzon bo‘lmagan. Agar fevral oyida 70–80 ming so‘m atrofida go‘sht topish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, hozirda eng qimmat go‘sht Farg‘ona viloyatida — 126 972 so‘m, eng arzoni esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 103 549 so‘m etib qayd etilgan.





























Izohlar 0
…