Rossiya Armanistondan yana bir qator mahsulotlar importini taqiqladi

Rossiya Armanistondan yana bir qator mahsulotlar importini taqiqladi

Rossiya Federatsiyasining veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati — “Rosselxoznadzor” 2026 yil 3 iyundan boshlab Armanistondan kartoshka, baqlajon, olma, nok, behi va quritilgan mevalar importini taqiqladi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Shuningdek, ushbu mahsulotlarning Rossiya orqali YEOII davlatlariga tranziti ham cheklandi. Cheklovlar noma’lum muddatga joriy qilinib, mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tegishli mexanizm ishlab chiqilguniga qadar amal qiladi.

“Rosselxoznadzor” Armanistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ustidan nazorat bilan bog‘liq muammolar mavjudligini ta’kidladi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa eksportchilar va ishlab chiqaruvchilar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi hamda ularga yangi bozorlar topishda yordam berilishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya avval ham Armanistondan gullar, mineral suv, sabzavotlar, ko‘katlar, shaftoli, qulupnay va baliq importini taqiqlagan edi. Mazkur qarorlar Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvi va mamlakatdagi parlament saylovlari arafasida qabul qilinmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar