20:02 / 18.06.2023
505

Toqayev Qozog‘istonda sovet sarqitlaridan qutulish yo‘lini tutmoqda

Toqayev Qozog‘istonda sovet sarqitlaridan qutulish yo‘lini tutmoqda
Qozog‘iston hukumati turli obyektlarni nomlashda sobiq Sovet Ittifoqi arboblari nomidan foydalanishni to‘xtatishi va o‘z xalqining taniqli arboblari ro‘yxatini yaratishi kerak, dedi prezident Qosim-Jomart Toqayev.
 
U “sovet davri arboblarining tarjimai holi kimningdir shaxsiy manfaati va xohish-istaklarini ko‘zlab, maqsadli ravishda turli obyektlarni nomlash amaliyotiga chek qo‘yish kerak”, deb ta’kidlagan.
 
Toqayev tilshunoslikning bo‘limi bo‘lmish onomastikani “mamlakat fuqarolarining tarixiy o‘z-o‘zini anglashida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim mafkuraviy vosita” deb atagan.
 
Uning so‘zlariga ko‘ra, qozoq xalqi tarixidagi milliy o‘zlikni anglashning asosiy belgilaridan biriga aylanadigan, mamlakat ichkarisida va xorijda ko‘zga ko‘ringan shaxslarning yagona to‘plamini aniqlash vaqti keldi.
 
Shu munosabat bilan Toqayev ismlar masalasi davlat vakolati bo‘lishini talab qildi. “Onomastika taniqli shaxslarning avlodlari va yaqinlarining ishi emas. Bu davlatning vakolati. Barcha onomastik tartib-qoidalar nafaqat mintaqaviy xususiyatlar, balki milliy ustuvorliklarni ham hisobga olgan holda aniq tartibga solinishi kerak”, — dedi Qozog‘iston prezidenti.
 
Avvalroq Toqayev respublikada sovet davri arboblariga yodgorlik o‘rnatishni to‘xtatishni talab qilgan edi. “Tarjimai hollar haqiqiy hayotda bo‘lmagan qahramonliklarga to‘la holda yozib chiqilmoqda. Ushbu mavzu bo‘yicha arxiv hujjatlari tasdiqlanmagan yoki umuman yo‘q. Ayrim guruhlar fuqarolarimizni sovet o‘tmishidagi partiya va davlat rahbarlarining yolg‘on tarjimai holiga ishonishga tom ma’noda majburlamoqda”, — degan u va hatto ommaviy qatag‘onlar bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy shaxslarga ham yodgorlik o‘rnatish holatlari bo‘lganini aytgan.
 
Bungacha Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Altay Kulginov respublikadagi 3000 ga yaqin “mafkuraviy eskirgan” topografik nomlarni o‘zgartirish rejasini e’lon qilgan edi.
 
Kelgusida mamlakatda kirill alifbosidan voz kechish rejalashtirilmoqda. Lotin yozuviga o‘tish masalasi avvalgi prezident Nursulton Nazarboyev davridan beri muhokama qilinib kelgan. Bo‘lajak alifboning variantlari  davlat darajasida ishlab chiqilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Toqayev Qozog‘istonda sovet sarqitlaridan qutulish yo‘lini tutmoqda
ePN