Foto: Reuters
Kaliforniyaning Los-Anjeles okrugida yangi yongʻin paydo boʻlib, bir necha soat ichida 38 kvadrat kilometr maydonni qamrab oldi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
«Hyuz» yongʻini 22 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 11:00 da Los-Anjelesdan 80 kilometr shimoldagi Kastaik koʻli yaqinida boshlangan. CNN’ning ma'lumotlariga koʻra, yongʻin kelib chiqqan hudud asosan butalar va yaylovlar bilan qoplangan boʻlib, bir qismi oʻrmonzorlardan iborat.
Hudud ma'muriyati Kastaik koʻli atrofidagi aholini yongʻin xavfi toʻgʻrisida ogohlantirgan. 31 ming kishi evakuatsiya qilingan, yana 23 mingga yaqin aholi koʻchirilishi mumkinligi aytilmoqda. Los-Anjeles okrugining sherif Robert Lunaning soʻzlariga koʻra, yongʻin tufayli Kastaik okrugidagi qamoqxona mahbuslari ham qisman evakuatsiya qilingan.
Los-Anjeles okrugi oʻt oʻchirish xizmati boshligʻi Entoni Marronening ta'kidlashicha, «Hyuz» yongʻini hozirgacha nazoratga olinmagan. Oʻtni oʻchirish uchun 4 mingga yaqin oʻt oʻchiruvchi jalb etilgan. Marrone ma'lumotiga koʻra, hozirgacha yongʻin natijasida hech qanday inshoot zarar koʻrmagan.
Los-Anjeles okrugida yongʻinlar qurgʻoqchil ob-havo tufayli 7 yanvar kuni boshlangan edi. 22 yanvar holatiga koʻra, oʻt oʻchiruvchilar 57 kvadrat kilometr maydonni qamragan «Iton» va 95 kvadrat kilometr maydonni yoqib yuborgan «Paliseyds» yongʻinlarini nazoratga olgan.
Oxirgi ma'lumotlarga koʻra, yongʻinlar oqibatida 28 kishi halok boʻlgan, 16 mingga yaqin inshoot yonib ketgan yoki shikastlangan. Shuningdek, 180 ming kishi evakuatsiya qilingan boʻlib, yongʻinlar etkazgan iqtisodiy zarar 250 milliard dollarga baholanmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar