Rossiya Mudofaa vazirligi 7 fevral kuni Donesk viloyatidagi hujum doirasida Baxmut yaqinida joylashgan Toresk shahri nazoratga olinganini e'lon qildi. Rasmiy ma'lumotlarga koʻra, shahar uchun besh oy davom etgan shiddatli janglar natijasida Ukraina Qurolli kuchlari 26 mingdan ortiq askar va 600 ga yaqin harbiy texnikani yoʻqotgan. Shu bilan birga, vazirlik Toresk aglomeratsiyasida janglar hali ham davom etayotganini qayd etdi.
Biroq, Ukraina Ichki ishlar vazirligi vakillari bu da'voni rad etib, shaharda janglar davom etayotganini bildirishdi. «Xortitsa» tezkor-strategik kuchlari vakili Nazar Voloshinning ma'lum qilishicha, hozirda toʻqnashuvlar shaharning turli infratuzilma ob'ektlarida sodir boʻlmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya kuchlari Ukraina mudofaasini yorib oʻtish uchun barcha vositalarini safarbar qilmoqda.
Toresk markazi Rossiya nazorati ostidami?
Ukrainaning DeepState harbiy tahliliy platformasi ma'lumotlariga koʻra, hozirda janglar Zabalka mikrorayonida, shuningdek, Toreskning shimoliy va gʻarbiy hududlarida davom etmoqda. Loyiha mualliflari shahar markazi deyarli toʻliq Rossiya nazorati ostida ekanini ta'kidlashdi. Shu bilan birga, ular rasmiy manbalar ma'lumot bermayotgani tufayli ukrainaliklar dushman manbalaridan ma'lumot olishga majbur boʻlayotganini aytmoqda.
DeepState, shuningdek, Kuraxovo va Velika Novosyolka shaharlarining yoʻqotilishi haqida jamoatchilik rasmiy ma'lumot olmaganini tanqid qildi. Ularga koʻra, bu vaziyat rasmiy axborot siyosatiga nisbatan koʻplab savollarni keltirib chiqarmoqda.
"Shtorm Z" guruhi va mahbuslarning frontga jalb qilinishi
Rossiyalik «Vajniye istorii» nashri ma'lumotlariga koʻra, «Shtorm Z» maxsus hujum boʻlinmasiga Rossiya qamoqxonalaridan 30 mingga yaqin mahbus yollangan boʻlishi mumkin. Tahlilchilar ijtimoiy tarmoqlardagi minglab postlarni oʻrganib, bedarak yoʻqolgan rossiyalik askarlar haqidagi xabarlar, shaxsiy jeton raqamlari va boshqa ma'lumotlarni tahlil qilgan.
Olti mingdan ortiq post tahlil qilinib, 2038 tasida shaxsiy jeton raqamlari aniqlangan. Ularning 657 tasi ilgari Donesk va Lugansk xududlarida chiqarilgan «AB» seriyali jetonlarga ega boʻlgan. Shuningdek, mahbuslarni «Shtorm Z» guruhiga jalb qilish jarayoni 2023 yil fevraldan sentyabrgacha amalga oshirilgani ma'lum qilindi. 2023 yil sentyabridan boshlab esa, ularga Rossiya Qurolli kuchlarining rasmiy askarlik jetonlari berila boshlangan.
«Vajniye istorii» nashri mahbuslarning umumiy sonini taxmin qilish uchun ularning jeton raqamlash tizimi asosida hisob-kitoblar olib bordi. Ularga koʻra, olti oy davomida 108 ta turli qamoqxonadan mahbuslar yollangan va frontga yoʻnaltirilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar