![Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha harakatlar boshlandi](/uploads/posts/2025-02/33bb4c20c6_trump-zelenskiynin-ipini-cekti-ukrayna-bir-gun-rusyanin-olabilir-puitn-mi-ikna-etti-ikili-ne-gorustu-1739274033923.webp)
Oxirgi ikki kunda Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushga aloqador juda koʻp voqealar boʻlib ketdi. Ularning barchasini kuzatish uchun imkon topish qiyin. Biz bu borada sizga yordam beramiz va turli minbarlarda, intervyularda, telefon suhbatlarida yangragan bayonotlarni oʻziga xos kombo koʻrinishida sizga taqdim etamiz.
Trampning qoʻngʻirogʻi
Biz Amerika prezidenti juda katta odam, deb koʻp takrorlaymiz. Shu kunlarda ushbu gap navbatdagi marta isbotini topdi. Donald Tramp bir necha soat ichida avvaliga Putinga, keyin Zelenskiyga qoʻngʻiroq qilib, hamma erni parokanda qilib yubordi.
Dunyo qaysidir ma'noda Trampning donoligiga umid qilib, u tez orada urushni tugatish boʻyicha aql bovar qilmas, hammani qanoatlantiradigan reja e'lon qiladi deb kutayotgandi. Ammo yevropaliklar bir uxlab turishsa, Amerika prezidenti Putin va Zelenskiy bilan telefonda gaplashgan, oʻz uslubida bayonotlar ham berib boʻlgandi. Shunda koʻpchilik tushunib etdi: bu hamon oʻsha-oʻsha, Helsinkida Putin bilan gaplashgan Tramp ekan.
Uning gaplaridan kelib chiqadiki, Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha muzokaralarda asosiy ikki tomon Rossiya va AQSh boʻladi. Urush oʻz hududida boʻlayotgan Ukraina-chi? Kiyevning strategik hamkori Evropa Ittifoqi-chi? Trampning bayonotlari mana shunday savollar bilan qarshi olindi.
Darvoqe, Putin telefon suhbati chogʻida Trampni Moskvaga taklif qilibdi. Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov esa Rossiya Trampni 9 maydagi gʻalaba paradida kutishini aytdi. Rossiyalik huquqshunos Mark Feygin ancha avval Dmitriy Gordon bilan intervyu vaqtida Rossiya 9 may kuni Ukraina ustidan gʻalaba haqida e'lon qilishni koʻzlayotganini aytgandi. Aftidan, Feygin nimanidir bilgan koʻrinadi.
Tramp avvaliga Putin bilan Saudiyada koʻrishishi, keyin Moskva hamda Vashingtonda ham uchrashuvlar boʻlishi haqida gapirdi. Keyinchalik ma'lum boʻlishicha, Saudiyada Tramp aytganidek Amerika va Rossiya prezidentlari uchrashmaydi, shunchaki Rossiya, Ukraina va Amerika vakillari muloqot qiladi. Shunday ekan Tramp Putin bilan Moskva hamda Vashingtonda uchrashishi haqida gaplari ham bekor boʻlib chiqishi hech gap emas.
«Hammasini Tramp boshqaradi»
Keyinroq Pentagon yangi rahbari, sobiq teleboshlovchi Pit Hegset yangi ma'muriyat muzokaralarda nimani istayotgani haqida gapirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha muzokaralarni toʻlaligicha Donald Tramp boshqaradi. Hegset muzokaralar yakunida Ukraina NATOga qabul qilinishi imkonsiz masala ekani, lekin hech qanday variant istisno qilinmasligini ham aytdi.
AQSh yangi mudofaa vaziriga koʻra, prezident Tramp xohlasa, hatto Ukrainaga yadro quroli berishi mumkin ekan. Pentagon rahbari shu tariqa Tramp ikki tomonga ham bosim oʻtkaza olishiga ishora qilgan koʻrinadi.
Pit Hegset muzokaralar boshlanishi uchun Rossiya hech qanday yon berishi shart emasligini ma'lum qildi. Uning aytishicha, Ukraina 2014 yilgi chegaralariga qaytishi imkonsiz va bu Putinga yon bosish emas, reallikdir. Ya'ni Pentagon rahbari Ukraina Qrim tugul Donbassdagi Rossiya bosib olgan shaharlarini ham qaytara olmaydi, demoqchi.
Vazir Hegset Trampni muzokaralar davomida hech kim alday olmasligini ifodaviy qilib tushuntirdi va «hech kim Sem amakini goʻl amaki qilolmaydi», dedi. Bilasiz, Sem amaki AQShning ramzi hisoblanadi. Bu soʻz mamlakatning inglizcha nomini qisqartirishdan olingan. Ya'ni uncle Unitedʼdan, Sam states of Americaʼdan.
Buzuq samolyot Vashingtonga qaytdi
Tramp qaytishi bilan Amerikada bir nechta shov-shuvli aviahalokatlar sodir boʻldi. Aftidan, Amerikadagi samolyotlarga nimadir boʻlyapti. Axir ichida AQSh bosh diplomati – davlat kotibi Mark Rubio boʻlgan samolyot Myunhendagi xavfsizlik boʻyicha konferentsiyaga yoʻl olayotganda havoda buzilib qolib, Vashingtonga qaytdi. Xabarlarda aytilishicha, samolyotning oynasida muammo kuzatilib, ortga qaytishga majbur boʻlgan. Janob Rubio boshqa samolyotga oʻtirib, Germaniyaga yoʻl olgan.
«Bizsiz oʻtadigan muzokarani qabul qilmaymiz»
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Tramp bilan yaxshi suhbat oʻtkazgani, ammo Ukrainasiz oʻtadigan har qanday muzokarani qabul qilmasligini aytdi. Ya'ni Rossiya va AQSh Ukraina taqdirini oʻzaro hal qilolmaydi, dedi. Zelenskiy nima boʻlganda ham shoumen, qachon nimani gapirishni biladi va Tramp bilan telefon suhbati haqida gapirganda ham shunday ilmoqli bayonotlar berdi. «Tramp Putin bilan gaplashish asosiy vazifa boʻlmaganini aytdi va men unga ishondim», dedi Zelenskiy. Ya'ni Ukraina prezidenti oʻrtoq Putin, oʻrtoq Tramp menga siz bilan nimalarni gaplashganini aytib berdi, hatto siz bilan gaplashishni unchalik istamaganini ham aytdi, demoqchi.
Zelenskiyning fikricha, avvaliga AQSh va Ukraina oʻzaro kelishib, Putinni toʻxtatish rejasini ishlab chiqishi, shundan keyingina Rossiya bilan muloqotga kirishishi kerak. Ukraina tinchlik muzokaralarida Evropa vakillari boʻlishi kerakligini navbatdagi marta takrorladi.
Bugun Myunhendagi xavfsizlik konferentsiyasi doirasida bir qator muhim uchrashuvlar oʻtkazildi. Xususan, Ukraina prezident ma'muriyati rahbari Ondriy Ermak AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog bilan uchrashdi. Bugun AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio prezident Zelenskiy bilan uchrashishi kutilmoqda. Biz voqealar rivojini diqqat bilan kuzatamiz va Myunhen konferentsiyasi boʻyicha alohida video e'lon qilamiz.
Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar