
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi tinchlik muzokaralari uchun Istanbulga boradiganlar safida emas. 14 may, chorshanba kuni kechqurun Kreml rasmiy saytida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi tarkibida Putinning nomi qayd etilmagan. Bu haqda Reuters agentligi ham Tramp ma’muriyatidagi manbaga tayanib ma’lumot tarqatdi.
Istanbuldagi uchrashuvda Rossiya nomidan muzokaralarga prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qiladi. Qizig‘i shundaki, delegatsiyada Rossiyaning birorta vaziri yo‘q. Ya’ni, na tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, na mudofaa vaziri Andrey Belousov bu jarayonda ishtirok etmaydi. Ular o‘rniga Kreml muzokaralarga Lavrovning o‘rinbosari Mixail Galuzin, Belousovning o‘rinbosari Aleksandr Fomin va Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi rahbari Igor Kostyukovni jo‘natishni ma’qul ko‘rgan.
Kremlning rasmiy bayonotida, shuningdek, Putin tomonidan shaxsan tasdiqlangan "Ukraina bilan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar" ro‘yxati ham keltirilgan. Ularning orasida Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi axborot departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Zorin, prezident devonining gumanitar masalalar bo‘yicha davlat siyosati boshqarmasi rahbarining o‘rinbosari Yelena Podobreyevskaya, Rossiya TIVning MDH davlatlari bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Aleksey Polishchuk va Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabida xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Viktor Shevsov bor.
Muzokaralardagi asosiy e’tibor delegatsiyaning siyosiy darajasidan ko‘ra, uning qanday pozitsiya bilan qatnashishiga qaratiladi. Ammo Putinning bevosita qatnashmasligi va vazirlar darajasidagi rasmiylarning chetda qolishi, Rossiya tomonining ushbu jarayonga qay darajada jiddiy qarayotgani borasida savollar uyg‘otmoqda.
Zamin.uz tahririyati tinchlik muzokaralari atrofidagi barcha yangiliklarni diqqat bilan kuzatishda davom etadi.
Rossiya PrezidentiTinchlik MuzokaralariIstanbul UchrashuviDelegatsiya TarkibiVladimir MedinskiyKreml Bayonoti O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar