
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari yana bir bor e’tibor markaziga chiqdi. Rossiya prezidentining yordamchisi va Istanbuldagi muzokaralarda Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Vladimir Medinskiy Ukraina tomoniga yaqin kunlarda yangi uchrashuv joyi va sanasi taklif etilganini ma’lum qildi.
Uning bu bayonoti Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiyani muzokaralar jarayonini cho‘zishda ayblagan chiqishidan so‘ng, Telegram orqali e’lon qilindi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Medinskiyga qo‘ng‘iroq qilgan va undan Moskvaning tez orada otishmani to‘xtatish bo‘yicha pozitsiyasini e’lon qilishini kutgan.
— Lekin biz hech qanday aniq javob olmadik. AQSH ham hali javob kutyapti. Balki endi kutmasdan, jiddiyroq harakatlarga o‘tish vaqti kelgandir, — degan edi Zelenskiy.
Bunga javoban Medinskiy esa, teskari ma’lumotlarni keltirdi. Unga ko‘ra, aynan u Rustem Umerovga qo‘ng‘iroq qilgan va jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha shartlar ko‘rsatilgan memorandum almashish uchun aniq uchrashuv sanasi va joyini taklif etgan.
— Biz muzokaralarni aynan shu yerning o‘zida, darhol davom ettirishga tayyormiz. Ukraina tomoni maslahatlashuvga yo‘l oldi. Ehtimol, majlis cho‘zilayotgandir. Biz ularning rasmiy tasdig‘ini kutyapmiz va kelishilgan sanalarda shaxsan uchrashishga tayyormiz, — dedi Medinskiy.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari avvalroq Istanbulda o‘tkazilgan uchrashuvda otishmani to‘xtatish shartlari bo‘yicha hujjatlar tayyor bo‘lishi bilan muzokaralar qayta tiklanishiga kelishib olgan edilar. AQSH prezidentining maxsus vakili Kit Kellog esa 26 may kuni Ukraina tomoni o‘z shartlar ro‘yxatini Vashingtonga taqdim etganini ma’lum qilgan.
Hozircha ikki tomondan ham aniq uchrashuv sanasi e’lon qilinmadi. Ammo yaqin kunlarda diplomatik maydonda yana faol harakatlar kuzatilishi mumkin. Har qanday muzokara o‘zaro ishonch va aniq harakatlar asosidagina samara berishi mumkin. Rossiya tomoni javob kutmoqda, Ukraina esa halikicha takliflarga rasmiy munosabat bildirmagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar