Dunyoda vaqtni hisoblash tizimi o‘zgarmoqda: "kabisa soniyasi" bekor qilinadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Dunyodagi 69 davlat vakillari 2027 yildan boshlab vaqtni hisoblashda qo‘llanadigan kabisa soniyasidan voz kechib, uning o‘rniga yangi tizimni joriy etishga ovoz berdi.
- Yangi tizimda muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC) bilan Yerning aylanishiga asoslangan astronomik vaqt o‘rtasidagi farq bir soatgacha yetishiga ruxsat beriladi, bu esa kompyuter tizimlari va boshqa infratuzilmalardagi nosozliklar xavfini kamaytiradi.
Dunyoning 69 davlati vakillari vaqtni hisoblashda qo‘llanadigan kabisa soniyasidan voz kechish va uning o‘rniga yangi tizimni joriy etishga ovoz berdi. O‘zgarishlar 2027 yildan kuchga kirishi belgilangan. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Qaror 15 oktyabr kuni Fransiyaning Versal shahrida Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi tomonidan tashkil etilgan konferensiyada qabul qilingan. Yangi tizimga ko‘ra, muvofiqlashtirilgan universal vaqt (UTC) bilan Yerning aylanishiga asoslangan astronomik vaqt o‘rtasidagi farq bir soatgacha yetishiga ruxsat beriladi. Biroq bunday farqni tuzatish zarurati minglab yillar davomida yuzaga kelmasligi mumkin.
Hozirgi vaqt tizimida Yerning aylanishidagi o‘zgarishlarni hisobga olish uchun zarurat tug‘ilganda UTC'ga bir soniya qo‘shiladi. Bu «kabisa soniyasi» deb ataladi. Ammo bunday kichik o‘zgarishlar kompyuter tizimlari, aloqa tarmoqlari, sun’iy yo‘ldoshlar va elektr tarmoqlarida nosozliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Masalan, 2012 yilda kabisa soniyasi qo‘shilganidan keyin ayrim kompyuter tizimlarida muammolar yuzaga kelgan. Reddit va LinkedIn saytlarida uzilishlar kuzatilgan, Qantas aviakompaniyasi reyslarida ham kechikishlar bo‘lgan.
Olimlarning tushuntirishicha, Yerning aylanish tezligi doimiy emas. U sayyoraning ichki tuzilishi, okeanlar va atmosferadagi jarayonlar kabi tabiiy omillar ta’sirida o‘zgaradi. Uzoq muddatda Yerning aylanishi sekinlashib boradi, biroq so‘nggi yillarda uning tezlashgan davrlari ham kuzatilgan.
Shu sababli mutaxassislar vaqtni moslashtirish uchun kelajakda bir soniyani qo‘shish emas, balki olib tashlash zarurati tug‘ilishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Bu «manfiy kabisa soniyasi» deb ataladi va hali amalda qo‘llanmagan. Olimlar bunday ehtiyojning kelgusi o‘n yillikda paydo bo‘lish ehtimolini taxminan 30 foiz deb baholagan.
Yangi tizimning asosiy maqsadi — vaqtni hisoblashdagi tez-tez amalga oshiriladigan kichik o‘zgarishlarni bartaraf etib, raqamli infratuzilmadagi nosozliklar xavfini kamaytirish. Bunda astronomik vaqt bilan rasmiy vaqt o‘rtasidagi farq kattalashishiga yo‘l qo‘yiladi, zarur tuzatish esa bir soatlik chegaraga yetganda amalga oshirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 1967 yilda soniyaning ta’rifi seziy-133 atomining tebranishlariga asoslangan holda belgilangan. 1972 yildan buyon Yerning aylanishi bilan muvofiqlikni saqlash uchun UTC'ga jami 27 marta kabisa soniyasi qo‘shilgan. Oxirgi marta bunday o‘zgarish 2016 yil 31 dekabrda amalga oshirilgan.






























Izohlar 0
…