Yerning aylanishi tezlashdi: dunyoda vaqt tizimi o‘zgarishi mumkin

Yerning aylanishi tezlashdi: dunyoda vaqt tizimi o‘zgarishi mumkin

Yerning aylanish tezligi o‘zgarib borayotgani sababli dunyoda amalda bo‘lgan vaqt tizimi kelajakda o‘zgarishi mumkin. Olimlar jahon vaqti Yerning aylanishiga bog‘liq bo‘lmagan tizimga o‘tkazilishini taklif qilmoqda. Bu haqdagi tadqiqot “Naked Science” nashrida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, hozirda dunyoda 1972 yildan beri muvofiqlashtirilgan universal vaqt — UTC qo‘llanib kelinadi. Mazkur vaqt tizimi atom soatlari asosida sinxronlashtiriladi. Biroq Yerning aylanish tezligi doimiy emas. Shu sababli atom vaqti bilan Quyosh vaqti o‘rtasida muayyan tafovut yuzaga keladi.

Ushbu farqni bartaraf etish maqsadida 1972 yildan buyon 27 marta “kabisa soniyasi qo‘shilgan. Ya’ni vaqt tizimini Yerning aylanishiga moslashtirish uchun bir soniyalik tuzatishlar kiritib borilgan.

Ammo so‘nggi yillarda Yerning aylanishi tezlashgani sababli vaziyat o‘zgarmoqda. Endi, aksincha, bir soniyani olib tashlash, ya’ni manfiy “kabisa soniyasi”ni joriy etish zarurati paydo bo‘lgan.

Olimlarni esa bunday o‘zgarishning zamonaviy texnologik tizimlarga ta’siri xavotirga solmoqda. Chunki hozirgacha manfiy “kabisa soniyasi” amaliyotda qo‘llanilmagan. Ko‘plab kompyuter dasturlari esa vaqtga bir soniya qo‘shilishi mumkinligini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Mutaxassislar fikricha, bu kommunikatsiya va sun’iy yo‘ldosh navigatsiyasi tizimlarida keng ko‘lamli texnik nosozliklar keltirib chiqarishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, muammoni hal qilish uchun olimlar atom vaqtini Quyosh vaqtidan ajratishni taklif qilmoqda. Bunday yondashuvda ikki vaqt tizimi asta-sekin bir-biridan farq qilib boradi. Yuzlab yillar o‘tgach esa ularni “kabisa soati” yordamida yana bir-biriga moslashtirish mumkin bo‘ladi.

Joriy yilning oktyabr oyida Versal shahrida Xalqaro o‘lchovlar va tarozilar byurosining bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda “kabisa soniyasi”ning kelajagi bilan bog‘liq muhim qaror qabul qilinishi mumkin.

Agar ushbu taklif ma’qullansa, yangi tartib 2027 yil 20 maydan amalga kirishi kutilmoqda. Shundan so‘ng “kabisa soniyalari”dan foydalanish to‘xtatiladi va atom vaqti Quyosh vaqtidan asta-sekin uzoqlashib boradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, ikki vaqt tizimi o‘rtasidagi farq taxminan 1000 yil ichida bir soatga yetishi mumkin. Bu esa insonlar kundalik hayotida sezilmasa-da, global texnologik tizimlar uchun muhim o‘zgarish hisoblanadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar