Ayol sun’iy intellekt yordamida yozilgan kitoblardan 1 million dollardan ortiq daromad oldi

Ayol sun’iy intellekt yordamida yozilgan kitoblardan 1 million dollardan ortiq daromad oldi

Janubiy afrikalik yozuvchi Coral Hart sun’iy intellekt vositalaridan foydalanib, 20 oy ichida 370 dan ortiq kitob yaratdi. Uning aytishicha, 2026 yil boshidan buyon kitoblar savdosidan tushgan daromadi 1 million dollardan oshgan. Bu haqda AFP xabar berdi.

Yozuvchi ChatGPT, Claude va Grok kabi sun’iy intellekt vositalaridan foydalanadi. Biroq u kitoblarni shunchaki chatbotlarga yozdirmaydi: avval syujet g‘oyasi, qahramonlar, uslub va boblar rejasini o‘zi ishlab chiqadi. Shundan keyin sun’iy intellekt matnni tayyorlash va tahrirlashga yordam beradi.

Dastlabki matn bir necha bosqichda qayta ishlanadi. Yakunda esa inson muharriri yoki korrektor matnni tekshiradi va zarur tuzatishlarni kiritadi.

Coral Hartning haqiqiy ismi oshkor qilinmagan. U nashriyot sohasida 14 yil ishlagan va sun’iy intellektdan foydalanishni boshlashidan oldin ham bir necha o‘nlab asarlar yozgan.

Muallifning o‘z hisob-kitobiga ko‘ra, uning elektron, bosma va audio formatlardagi kitoblari jami bir million nusxadan ortiq sotilgan. Asarlarning katta qismi romantik janrda bo‘lib, muayyan o‘quvchilar auditoriyasiga mo‘ljallangan.

Uning faoliyati sun’iy intellektning adabiyotdagi o‘rni haqida bahslarni ham kuchaytirmoqda. Ayrimlar bunday usulda yaratilgan asarlarning sifati va mualliflik masalasini tanqid qilayotgan bo‘lsa, Hart kitoblarining sotilayotganini asosiy mezon sifatida ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar