Foto: Oq uy axborot xizmati
AQSH prezidenti Jo Bayden hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin 7 dekabr kechasi video formatda suhbat o‘tkazdi. Suhbat mavzusi kutilganidek Rossiyaning Ukraina chegarasida favqulodda faollashuvi bo‘ldi.
Oldinroq ikki prezident yuzma-yuz uchrashishi kutilgandi, ammo Kremlning so‘rovi bilan onlayn muloqot qilishga kelishildi. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov muloqot formati aniq bo‘lmagan vaqtdayoq uning onlayn ko‘rinishda bo‘lishi ma’qulligini aytgandi. Chunki Putin koronavirus chiqqandan buyon ichki uchrashuvlarni ham onlayn o‘tkazishga odatlanib qoldi.
Bayden esa Putin bilan yuzma-yuz uchrashishni xohlagandi. Bu haqda Bayden muloqotning e’lon qilish mumkin bo‘lgan dastlabki bir necha soniyasida ham aytishga ulgurdi. «Salom. Afsuski, yuzma-yuz ko‘risha olmayapmiz, keyingi gal uchrashishimizga umid qilaman», dedi Bayden va yoyilib kuldi suhbatning dastlabki qismida.
Kreml suhbatning dastlabki soniyalari videosini e’lon qildi. Unda xonada yolg‘iz o‘tirgan Putinni ko‘rish va tarjimonning ovozini eshitish mumkin edi. Oq uy esa suhbat tugagach suratlarni e’lon qildi. Unda Jo Bayden yolg‘iz bo‘lmagani, 4 nafar hamrohi bilan qatnashganini ko‘rish mumkin. Bayden Putinning ekranida faqat o‘zi ko‘ringani, aslida esa uning yonida yana 4 kishi bo‘lgani bu haqda Moskva ogohlantirilmaganini anglatmaydi. Bunday uchrashuvlarda qatnashuvchilar soni, tartibi kelishilgan bo‘ladi. Har ikki prezidentning vakillari maxsus himoyalangan aloqa kanallarida o‘tkazilgan bu uchrashuv videosini baribir muhokama qilishi inobatga olinsa, bu tabiiy holat.
Putin va Baydenning muloqoti uzoq vaqt davom etishi kutilgandi, lekin bunday bo‘lmadi va ikki soatda tugadi. Orada tarjimon ham gapirgani, yana boshqa kichik vaqt oluvchi detallar inobatga olinsa, bunday darajadagi videomuloqot uchun ikki soat kam hisoblanadi.
Rossiya askarlarining Ukraina bilan chegarada favqulodda faollashuvi muloqotning asosiy mavzusi bo‘ldi. «Bayden AQSH Rossiya Ukraina chegarasida qo‘shin to‘playotganidan qattiq xavotirda ekanini bildirdi. Prezident AQSH va Yevropadagi ittifoqchilari bostirib kirilgan taqdirda keskin iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishini ma’lum qildi», deyiladi Oq uy bayonotida.
AQSH prezidenti suhbat davomida Putinga Ukraina suverenitetini himoya qilishini aytib, bosqin haqida o‘ylamay, diplomatiyaga o‘tish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, tomonlar kiberxavfsizlik, strategik barqarorlik, mintaqaviy masalalar, xususan, Eron mavzusida birga ishlash haqida gaplashgan.
Kreml axborot xizmati Putin va Baydenning uchrashuvi ochiq o‘tgani haqida yozdi. Kreml «Ukrainada ichki inqiroz sabab bo‘layotgan muammoli holat va 2015 yildagi Minsk kelishuvi ijrosi bo‘yicha hech qanday oldingi siljish bo‘lmayotgani haqida gaplashgani»ni bildirdi: «Rossiya prezidenti Kiyevning Minsk kelishuvini buzishga qaratilgan xato harakatlarini konkret misollar bilan ko‘rsatib berdi. Shuningdek, Kiyevning Donbassga qarshi provokatsiyasidan xavotirda ekanini ma’lum qildi», deyiladi Kreml xabarida.
Rossiya tomoni ham Bayden Ukraina bilan chegarada vaziyat jiddiylashsa, sanksiyalar haqida ogohlantirganini keltirdi: «Jozef Bayden Rossiya harbiylarining Ukraina chegarasida go‘yoki tahdidomuz yaqinlashganiga urg‘u berib, Yevropadagi ittifoqchilari bilan vaziyat jiddiylashsa, sanksiyalar joriy etilishini bildirdi».
Putin NATO Ukrainada xavfli ishlarni qilayotgani va Rossiya bilan chegarada o‘z harbiy qudratini ko‘z-ko‘z qilayotganidan xavotirdaligini bildirgan. U NATO sharqqa, Rossiya tomon kengaymasligiga kafolat istayotgani haqida gapirgan: «NATOning faollashuvi sabab Rossiya alyans o‘ziga qarab kengaymasligini kafolatlovchi yuridik hujjat xohlaydi. Bu hujjat NATO bizga yaqin davlatlarga uzoq masofaga o‘q otuvchi qurollarni joylashtirishni istisno qilishi kerak».
Putin suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasida yuzaga kelgan diplomatik adovatni yo‘qotishni taklif qildi. «Rossiya tomonidan diplomatik missiyada yuzaga kelgan barcha cheklovlarni bekor qilish taklif qilingandi. Bu boshqa sohalarda ham munosabatlar normallashishiga olib keladi», dedi Rossiya yetakchisi. U AQSH va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar qoniqarli holatda emasligini ta’kidladi.
Ikkinchi muzokara
Putin va Bayden yil davomida ikkinchi marta muzokara o‘tkazdi. Bu ko‘p sonli telefon suhbatlaridan tashqari, albatta. Ular iyulda Jenevada yuzma-yuz gaplashib olgandi. Oq uy bu galgi onlayn muloqotning asosiy mavzusi rus askarlarining Ukraina chegarasida faollashuvi bo‘lishi haqida oldindan ma’lum qilgandi. AQSH nashrlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirmoqchi ekani haqida oktabr oyidan buyon yozib keladi. Ukraina razvedkasi Amerika nashrlaridagi chiqishlardan keyin Rossiya chegarada 94 ming askar joylashtirganini aytgandi.
Rasmiy Moskva Ukrainaga bostirib kirish rejasi yo‘qligi haqida aytib keladi. Ammo askarlar chegarada to‘planayotganini ham rad qilmaydi. «Biz o‘z hududimizda harbiylarimizni harakatlantirish huquqiga egamiz. Lekin qandaydir bosqin haqida gap bo‘lishi mumkin emas», degandi Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.
O‘z navbatida, Rossiya Ukrainani ham chegarada tajovuzkor harakat qilishda ayblaydi. Rossiya tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Kiyev Rossiya bilan chegaraga 125 ming harbiy yo‘naltirgan. Shuningdek, Rossiya NATOni Qora dengizdagi provokatsion mashg‘ulotlarda qatnashishda ayblab keladi. «Ukrainani harbiy jihatdan kuchaytirish ishlari ketyapti. Bu esa Kiyevning Minsk kelishuviga sabotaj qilmoqchiligini ko‘rsatadi. Kiyev muammoni harbiy yo‘l bilan hal qilmoqchidek taassurot uyg‘otmoqda», degandi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov.
«Rossiya Ukrainaga hujum qilmoqchi emas deb hisoblaymiz»
Baydenning matbuot kotibi Jen Psaki prezidentlar muloqotidan keyin matbuot anjumanida qatnashib, unda nimalar haqida gapashilganini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, AQSH hamon Rossiya Ukrainaga bostirib kirmoqchi emas deb hisoblaydi. Shuningdek, Psaki Bayden Putinga Ukraina NATOga kirmasligi bo‘yicha kafolat bermaganini aytdi. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Putin va Bayden qandaydir kelishuv haqida gaplashmagan. Ya’ni xuddi Jenevada bo‘lgani kabi bu muloqot ham qandaydir samara berishi dargumon. Muloqot qisqa vaqt davom etgani ham bundan dalolat. Faqatgina Oq uy Ukrainaga harbiy ko‘mak berish davom etishini aytganini muloqotdagi yagona pichoqqa ilinadigan jihat deyish mumkin. Bayden «Putinning qizil chizig‘i»ni tan olmasligini ham aytmadi.
Bayden Putin bilan suhbatdan oldin yevropalik ittifoqchilari bilan gaplashishi, suhbatdan keyin esa Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilishi aytilgandi. Lekin bunday bo‘lmadi. Bayden Zelenskiy bilan payshanba kuni gaplashadigan bo‘ldi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar