Apex va Archax Goldman Sachs bilan koʻchmas mulkni tokenizatsiya qilmoqda

Apex Group kompaniyasi Goldman Sachs’ning GS DAP raqamli aktivlar platformasida chiqarilayotgan tokenizatsiyalangan koʻchmas mulk fondi uchun boshqaruv xizmatlarini taqdim etishini eʼlon qildi. Mazkur loyiha Goldman Sachs, Archax raqamli aktivlar birjasi, LRC Group investitsiya menejeri va Ownera provayderi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Apex Group’ning raqamli aktivlar boʻyicha global rahbari Agnes Mazurekning taʼkidlashicha, institutsional miqyosdagi tokenizatsiya ishonchli va tartibga solinadigan infratuzilmaga tayanadi. Ushbu tashabbus investorlar va menejerlar orasida blokcheyn texnologiyalariga asoslangan yechimlarga boʻlgan talab ortib borayotganini koʻrsatmoqda.
Fond ulushlari Goldman Sachs’ning GS DAP platformasi orqali raqamli tokenlar koʻrinishida chiqariladi. 2022-yilda ishga tushirilgan ushbu platforma maxfiylikka yoʻnaltirilgan Canton Network va DAML aqlli kontraktlar tili asosida qurilgan boʻlib, aktivlarni chiqarish, hisob-kitob qilish va saqlash imkonini beradi.
Loyiha doirasida LRC Group fondni boshqaradi, Archax birjasi esa kastedian (saqlovchi) va dastlabki tarqatish hamkori sifatida ishtirok etadi. Ownera tarmogʻi esa emitentlar, kastedianlar va tarqatish kanallari oʻrtasidagi oʻzaro muvofiqlikni taʼminlovchi qatlam vazifasini oʻtaydi.
Ushbu hamkorlik banklar va tartibga solinadigan moliya institutlarining real aktivlarni (RWA) blokcheyn tarmogʻiga oʻtkazish borasidagi intilishlarini aks ettiradi. Hozirda tokenizatsiya bozori nafaqat koʻchmas mulkni, balki pul bozori fondlari va xususiy kreditlarni ham qamrab olgan holda jadal rivojlanmoqda.


























Izohlar 0
…