19:46 / 17.08.2021
9 547

«O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin» she’ri muallifi Bibisora Turobova ijarama-ijara yurganini ma’lum qildi (video)

«O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin» she’ri muallifi Bibisora Turobova ijarama-ijara yurganini ma’lum qildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin» misralari bilan boshlanadigan she’r O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan yozilgan deya noto‘g‘ri talqin qilib kelingan.

Foto: YouTube
Ushbu she’r muallifi, shoira Bibisora Turobova «Daryo» muxbiri Feruz Muhammadga bergan intervyusida she’rning yozilish tarixi, hattoki xalq shoiralari Bibisora Turobovani vijdonsizlikda ayblashgani, shoira 21 yildan buyon ijarada yashayotgani, hozirgacha ushbu she’r Prezidentning she’ri deya sotilayotgani haqida gapirib berdi.

- "Bu she’r 2011 yilda yozilgan. O‘sha yili insult bo‘lib qolgandim, bir tomonim ishlamay qolgan. Xayolimda ‘u yoqqa’ ketib qoladigandek bo‘lganman. Keyin farzandlarga vasiyat yozgim kelgan, o‘lsam undoq qilinglar, o‘lsam bundoq qilinglar deb. Bu vasiyatni to‘rt qator, to‘rt qator qilib yozdim.

Keyin bu she’r o‘zidan o‘zi ‘O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin’ degan sarlavhali she’r bo‘lib ketdi.

Dilbar Ohunovaga qo‘lyozmasini berganman. Muftiy hazratning ham qo‘llariga berganman, Bu she’r hajlarda o‘qilgan. Arofat tog‘ida ‘Subhanalloh’ degan she’rimni muftiy hazrat mikrofonda o‘qiganlar. 7 million odam duo qildi, deb, menga sarpo qilib kelgandilar.

Shu she’r keyin xalqning tilida ‘Karimov yozibdi, o‘ziga yozdiribdi, qabrimning boshiga daraxt ekinglar debdi, to‘rtta stul yasatinglar debdi’, bo‘lib ketdi.

Bu she’rni Dilbar o‘qib yurardi, keyin Dilbarni ko‘rmadim. Zamin FM da ishlardi. Bir kuni onasi telefon qildi, ular marg‘ilonlik ekan. Onasiga nomerimni topib beribdi-da, Bibisora opaga ayting, bu she’rni o‘ziniki qilib olsin, she’r juda ommalashib ketdi, muallifi ‘ota’ bo‘lib qolyapti, debdi.

Keyin Islom Karimov vafot etgan 2016 yili ‘Kitob dunyosi’ gazetasi ‘O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin’ sarlavhasi bilan bosib chiqardi. ‘Dugonalar’ jurnaliga Halima Xudoyberdiyeva ham chiqardi. Halima opa ‘Farzandlarga nasihat’ deb chiqardi.

Gazetaga chiqqandan keyin bir nechta taniqli shoiralarimizdan Bibisora vijdonini yeb qo‘yibdi, Islom Karimovning she’rini o‘zining nomidan chiqaribdi, degan e’tirozlar bo‘libdi. Bir xalq shoirasi ‘Kitob dunyosi’ tahririyatiga telefon qilib, ularga shikoyat ham qilgan ekan. Gazeta bosh muharriri ijodiy safarda bo‘lganligi uchun u yerda ishlaydigan qizlar vahima qilishibdi. Bo‘lgan voqeani yozuvchi Qo‘chqor Norqobilga aytishgan ekan, u kulib, bu she’r Bibisora opaniki, agar Bibisora opaning she’ri bo‘lmaganida, sen ham, men ham, Bibisora opa ham uyida o‘tirmasdi, debdi.

Islom Karimovning janozasi kunlari, adashmasam, juma kuni edi. Taksiga chiqsam ham, radioda ham, xullas, juda ko‘p joylarda shu she’rni qo‘yishyapti, odamlar shu she’rni eshitib, yig‘lashyapti.

Ertasi kuni Islom Karimov tushimga kirdi. Alloh guvoh. 50 yoshlarda, o‘sha Prezident bo‘lgan yillaridagi liboslar, mosh guruch soch-soqol. O‘sha vaqtlarda she’r ota tomonidan yozilganiga o‘zimni ishontirib yuribman. Tushimda otam tirik ekan, otam tirik ekan, deb bo‘ynilariga osilib, yig‘labman. Qo‘limni pastga oldilar. Isro surasidan ikki oyat o‘qidilar. Peshonamdan o‘pdilar. Senga boshqa gapim yo‘q, dedilar. Keyin birdan ketib qoldilar.

Uyg‘onsam bomdod vaqti ekan. Ta’birnomani izladim. Qarasam, har yomonlikdan keyin ikkita yaxshilik bor, har qayg‘udan keyin ikkita xursandchilik bor, degani ekan. Endi menga yaxshi gaplar bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.

Bir kuni oldimizga Samarqandga borib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilib qaytgan vodiylik ziyoratchi keldi. Samarqandda ‘O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin’ she’rini Islom Karimov yozgan, deya Islom Karimov portretiga ushbu she’rni yozib, uni falon so‘mdan sotishayotgan ekan.

Men o‘sha portretni ko‘tarib, videomurojaat yo‘llaganman. Videomurojaatim insofing bormi, otaning qabriga kuniga 4-5 ming odam boradi. Qaysi vijdoning bilan buni pullayapsan? Men bu yerda nafaqamga suyanib yashayapman, degan mazmunda bo‘lgan.

Ularni sudga bering, deyishdi. Men ularni sudga berishim uchun advokatga pul kerak. O‘zim bemorman. Sudning orqasidan yurgandan ko‘ra, yana bitta she’r yozaqolaman. U pul yuqmaydi baribir, bu dunyoning o‘zidayoq chiqib ketadi. Hali u yoqda-ku savol javobi bor
", - deydi shoira Bibisora Turobova.

Ma’lumot uchun, Bibisora Turobova Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari, mehribonlik uyi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan. Shoira 21 yildan buyon uysiz, ayni vaqtda Do‘rmon ijod uyida yashamoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » «O‘lsam janozamni bulbul o‘qisin» she’ri muallifi Bibisora Turobova ijarama-ijara yurganini ma’lum qildi (video)