203
Namanganda 150 dan ortiq qoidabuzarlik sodir etib, jarima to‘lamay kelgan Hyundai haydovchisi ushlandi
![Namanganda 150 dan ortiq qoidabuzarlik sodir etib, jarima to‘lamay kelgan Hyundai haydovchisi ushlandi](/uploads/posts/2023-04/920__95_1516136158.jpg)
Namangan shahar Davlatobod tumanida 152 marotaba qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi aniqlandi. Bu haqda Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 31 mart kuni soat 23:30 atrofida tumanning Islom Karimov ko‘chasida Hyundai Sonata rusumli 01 T 234 ZA davlat raqam belgili avtomashina YPX xodimi tomonidan to‘xtatilib, haydovchidan haydovchilik guvohnomasi va avtomashinaga tegishli bo‘lgan hujjatlarni ko‘rsatilishi talab qilingan.
Rul boshqaruvidagi haydovchi avtomashina unga tegishli emasligini aytib, xodimga hech qanday hujjat bermagan. Shundan so‘ng avtomashina belgilangan tartibda vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
![](/uploads/posts/2023-04/photo_2023-04-12_09-18-08.jpg)
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilganda avtomashinani ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi yo‘qligi, yuqoridagi davlat raqam belgisi esa YHXXdan ro‘yxatdan o‘tkazilmagani aniqlangan.
Chust tumanida yashovchi 33 yoshli fuqaroga tegishli bo‘lgan avtomashinada sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar o‘rganilganida, haydovchi 2023 yilning shu vaqtiga qadar jami 152 ta holatda tezlikni me’yoridan oshirgani va ushbu qoidabuzarliklari ortidan yuzaga kelgan jarima summasi 410 million so‘m ekani ma’lum bo‘lgan.
Biroq davlat raqam belgisi haqidagi ma’lumotlar tizimda mavjud emasligi bois sodir etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarishning imkoni bo‘lmagan.
“Ushbu haydovchi hech qayerda qayd etilmagan davlat raqam belgisi bilan avtomashinani istagan tezlikda boshqarib insonlar hayotiga xavf solib kelgan. Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Avtomashina jarima maydonida”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Toshkentda bitta avtomashinaga uch xil raqamni almashtirib taqib, 2 yil davomida 60 dan ortiq qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi ushlangandi. 2022 yilda esa Toshkentda 63 ta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchi 50 million so‘m jarima to‘lagan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar