Tezlikni oshirganlar va noqonuniy poygachilarga jarima oshadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Oliy Majlis Senati yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida qoidabuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi.
- Yangi qoidalarga ko‘ra, tezlikni soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirgan haydovchilarga 65 BHMgacha jarima solinadi va ular olti oy muddatga transport boshqarish huquqidan mahrum etilishi mumkin.
Oliy Majlis Senatining 21-yalpi majlisida yo‘l harakati xavfsizligini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Hujjat yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, inson hayotini himoya qilish va xavfli qoidabuzarliklarning oldini olishni nazarda tutadi.
Qonunga ko‘ra, mast holda transport boshqarganlik uchun jazo kuchaytiriladi. 2024 yilda bunday qoidabuzarlikning 11 994 ta holati qayd etilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 13 521 taga yetgan. Jinoyat kodeksining 261¹-moddasiga muvofiq, mast holda avtomobil boshqarishni takroran sodir etgan shaxs bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirganlik uchun Jinoyat kodeksiga yangi 261³-modda kiritilmoqda. Agar bunday holat o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilishiga sabab bo‘lsa, aybdor uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Agar inson vafot etsa yoki boshqa og‘ir oqibatlar yuzaga kelsa, jazo uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni tashkil etadi.
2025 yilda 14 yoshgacha bo‘lgan shaxslar ishtirokida 168 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Tezlikni belgilangan me’yordan oshirganlik uchun jarimalar ham ko‘paytiriladi. Tezlikni soatiga 40 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun 25 BHMgacha, 60 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun 45 BHMgacha jarima belgilanadi. Agar tezlik soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirilsa, jarima 65 BHMgacha yetadi va haydovchi olti oy muddatga transport boshqarish huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida tezlikni soatiga 40–60 kilometrga oshirish bilan bog‘liq 19 719 ta holat aniqlangan.
Yo‘llarda bezorilik qilish va noqonuniy poygalar tashkil etishga qarshi choralar ham kuchaytiriladi. Bunday qoidabuzarliklar 2025 yilda 604 ta, 2026 yilning to‘qqiz oyida esa 572 ta holatda qayd etilgan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…