75 yoshida haydovchilik guvohnomasini olib barchani hayratga soldi

Ko‘pchilik 75 yoshga yetganda tinch va osoyishta hayot kechirishni afzal ko‘rsa, namanganlik Zohida Karimova bu yoshda o‘z oldiga yangi maqsad qo‘yib, uni muvaffaqiyatli amalga oshirdi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 75 yoshli onaxon haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarda ishtirok etdi. Eng e’tiborlisi, u ikkala sinovdan ham birinchi urinishdayoq muvaffaqiyatli o‘tib, haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritdi.
Zohida opaning aytishicha, bunday qarorga kelishiga o‘tgan yili Toshkentda uchratgan 86 yoshli ayol taksichi sabab bo‘lgan. Yoshi ulug‘ bo‘lishiga qaramay, avtomobil boshqarib, faol mehnat qilayotgan ayolni ko‘rgan onaxon bundan katta ilhom olgan.
— "O‘shanda o‘zimga: 'Nega men ham mashina haydamayman?' dedim. Shundan keyin bu orzumni amalga oshirishga qat’iy bel bog‘ladim," — deydi Zohida Karimova.
Onaxonning qat’iyati va intilishi qisqa fursatda o‘z samarasini berdi. U haydovchilik kurslarida tahsil olib, barcha imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirdi.
Zohida opaning bu hikoyasi ijtimoiy tarmoqlarda ham iliq kutib olinmoqda. Ko‘plab foydalanuvchilar uning matonati va hayotga bo‘lgan ishtiyoqini e’tirof etib, "Orzularning yoshi bo‘lmaydi", "75 yoshda ham yangi marralarni zabt etish mumkin ekan" deya iliq fikrlarini bildirishmoqda.































Izohlar 0
…