“Nega men xunukman deb oynaga qarab yig‘laganman” — Zuhra Soliyeva og‘ir kunlarini esladi

Aktrisa Zuhra Soliyeva intervyularidan birida ijodiy faoliyatining ilk davrlari va boshidan kechirgan ruhiy kechinmalari haqida samimiy fikr bildirdi. Uning aytishicha, san’at olamiga kirib kelgan paytda o‘ziga bo‘lgan ishonchi juda past bo‘lgan.
Zuhra Soliyeva Samarqanddan kelganini, oilasida erkalab voyaga yetganini eslab o‘tdi. Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtdagi hayot va ijod yo‘li boshida unga oson kechmagan.
“Qaytib ketishim mumkin edi. Erka qizman, uyda hech narsadan kam bo‘lmaganman. Oynaga qarab, nega xunukman, buncha xunuk bo‘lsam deb yig‘lagan kunlarim bo‘lgan. Hatto qaytib ketsammikan, deb ham o‘ylaganman”, — dedi aktrisa.
Biroq keyinchalik uning hayotida burilish nuqtasi bo‘lgan. Zuhra Soliyevaning aytishicha, “Otalar so‘zi” loyihasidagi ishtiroki unga katta motivatsiya bergan.
“Rejissyor yig‘lab berishni so‘raganida sahnani ijro qildim. Shunda ular “Mana, aktrisa!” deyishgan. O‘shanda ilk bor o‘zimga ishonch paydo bo‘lgan va “Demak, men yaxshi aktrisaman ekanman”, deb o‘ylaganman”, — deya esladi san’atkor.





























Izohlar 0
…