16:21 / 03.07.2023
650

“Arava sudraganman”. Dilshod Musabekov faoliyati avvalidagi moddiy qiyinchiliklar haqida

“Arava sudraganman”. Dilshod Musabekov faoliyati avvalidagi moddiy qiyinchiliklar haqida

“Dizayn” kulgi jamoasi a’zosi Dilshod Musabekov jurnalist Feruza Bonuga bergan intervyusida ukasining shartnoma pulini to‘lash uchun aravakashlik qilgani va katta biznesidan voz kechib san’atni tanlagani haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @dilshodbek_musabekov_dizayn

— Ukam shartnoma asosida o‘qishga kirganda, ota-onamga yordam beraman deb bozorda arava itarganman. Undan keyin material va mashina ballonlari sotiladigan do‘konlarda ham ishlaganman. Bir kuni Mansur ismli qo‘shnim bilan birga 150 so‘m pul evaziga mardikorlik ham qilganman. O‘zgarish mahallasiga borib, katta hovlini eskirgan ta’mirini shilib, qaytadan oqlaganmiz. Uy egasi 300 so‘m pul bergan, Mansur aka teng yarmini bergandi. U paytda mushtumzo‘rlar ko‘p edi, bittasi pulim borligini bilib yarmini berasan deb turib olgan. Urishib, unga bir so‘m pulni ham bermay uyga olib kelganman. Undan keyin mashina moyini almashtiradigan shoxobchada ham ishlaganman, — deydi Dilshod Musabekov.

Asli mutaxassisligi bo‘yicha sozanda, bir necha yil davomida doira chalish sirlarini o‘rgangan. Qattiqqo‘l ustozlaridan dakki eshitgan kunlarini quyidagicha eslaydi.

Foto: “Kino-teatr.ru”

— Otam rahmatli “Eti sizniki, suyagi bizniki” deb ustozlar qo‘liga topshirgan. U paytlarda yoshlarning tarbiyasi ham boshqacha bo‘lardi. Sozanda bo‘lsak ham tartib-qoidaga jiddiy e’tibor berishardi. Yoqa kir bo‘lsa, darsga kiritishmasdi. Ustozning ko‘ziga tik qaray olmasdik. Chalib turgan musiqamizni “Qayta chal” desa o‘zimizni yo‘qotib qo‘yardik, — deydi Dilshod Musabekov.

“Dizayn” jamoasi tashkil etilishidan avval Dilshod Musabekov tijorat bilan shug‘ullanardi. Ammo u tushundiki, san’at va biznesni birdek yuritolmaydi. Shu bois u tayyor biznesidan voz kechishga qaror qilgan.

Foto: “Darakchi”

— “Quvnoqlar va zukkolar” da chempion bo‘lganimizdan keyin Qobil, Sa’dulla va Abdurahmon bilan o‘tirib, nima qilish haqida gaplashganmiz. Ular bir ovozdan “Dizayn”ni rivojlantiramiz, deyishgan. Ikkisiga ulgurolmasligimni bilib, tayyor biznesimdan voz kechishimga to‘g‘ri kelgan. Qobil mashinalarga narx qo‘yish, Sa’dulla stilistlik, Abdurahmon esa katta korxonada master bo‘lib ishlardi. Hammamiz ishimizdan voz kechib, “Dizayn”ni rivojlantirishga qaror qilganmiz.

Ammo oradan ko‘p vaqt o‘tmay katta qiyinchiliklarga uchraganmiz. Pul yo‘q, “Dizayn” konsert bersin, deb qaysi davraga bormaylik turli bahonalar bilan eshikni ko‘rsatib yuborishardi. Andijon viloyatining Baliqchi tumanidagi kollej va litsey talabalariga konsert beramiz deb borganmiz. Ayni sovuq kunlar edi. Biz turadigan uyda qipiq yoqilar ekan. 13 kun davomida o‘sha uyda turib, ertalabgacha muzlab keyin ijodiy uchrashuvlarga borardik.

Niyatimiz, jamoani reklama qilish va 1 500 so‘mdan bo‘lsa ham chiptalarni sotib yo‘lkira pulini chiqarish edi. Men bor-yo‘g‘i 13 yil avvalgi voqealar haqida gapiryapman. Hech esimdan chiqmaydi, Sa’dulla bilan Qobil shaharga ketganda Abdurahmon bilan rosa yig‘laganmiz. “Nima qilib qo‘ydik, tayyor ishdan voz kechib, san’atni tanladikmi?”, deb afsuslangandik. 2018 yilga kelib “Dizayn” o‘z o‘rnini va muxlislarini topdi, — deydi Dilshod Musabekov.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Arava sudraganman”. Dilshod Musabekov faoliyati avvalidagi moddiy qiyinchiliklar haqida