Ulug‘bek Qodirovdan rol qanday qilib Dadaxon Obidovga o‘tdi? (video)

Aktyor Dadaxon Obidov “Omon-Omon” ko‘rsatuvida bergan intervyusida boks bo‘yicha Olimpiya chempioni Bahodir Jalolov haqidagi “Tokioga yo‘l” nomli badiiy filmda bosh rol unga qanday nasib etgani haqida ochiqchasiga so‘zlab berdi.
Uning aytishicha, bolaligidan bokschi bo‘lishni orzu qilgan, biroq oilasi bunga ruxsat bermagan. Keyinchalik Jalolov haqidagi film suratga olinayotganini eshitgach, unda yana umid uyg‘ongan.
“Kastingga bordim. Operator, rejissyor va ijodiy guruhga yoqdim. Hatto "katta ehtimol bilan shu rolni sen o‘ynaysan", deyishdi. Men ham ishonib, mashg‘ulotlarni boshlab yubordim. Ammo keyin bu rolni Ulug‘bek Qodirov ijro etadigan bo‘ldi. Uni hurmat qilaman, lekin baribir biroz xafa bo‘ldim — chunki bu rol aynan menga nasib etishi kerak deb o‘ylagandim”, — deydi aktyor.
Obidovning so‘zlariga ko‘ra, filmning 40 foizi suratga olingani haqida aytilgan paytda u: «Nimaga ishonib bunday dedim, bilmayman, ammo qarab turinglar, bu rolni baribir men ijro etaman», — deya ishonch bilan ta’kidlagan. Oradan ko‘p o‘tmay, rejissyor u bilan bog‘lanib, kutilmagan yangilikni ma’lum qilgan.
“Bir kuni telefonim jiringladi. Akrom aka qo‘ng‘iroq qilib, "shu rolni sen o‘ynaydigan bo‘lding", dedilar. Rostini aytsam, bu men uchun juda katta kutilmagan xushxabar bo‘ldi”, — deya eslaydi u.
Rejissyor ham ushbu jarayon haqida fikr bildirib, boshida Bahodir ushbu rolni Ulug‘bek Qodirov ijro etishini istaganini, biroq o‘zi Dadaxon Obidov nomzodini qo‘llab-quvvatlaganini aytdi. "Ayrim ssenariy jihatlari bo‘yicha tortishuvlar ham bo‘lgan, ammo yakuniy natijani ko‘rib, Jalolov qarordan qoniqdi", dedi rejissyor.
Dadaxon Obidov esa rolni qabul qilishdan oldin hamkasbiga hurmat yuzasidan qo‘ng‘iroq qilganini ta’kidladi.
“Ulug‘bek akaga qo‘ng‘iroq qilib, "shu rolni menga ishonishyapti, rozimisiz?"deb so‘radim. U kishi juda samimiy javob berdi: "Nega bunday deysan? Men mingdan ming roziman. Sen kabi yoshlar katta rollarda o‘sib borsa, men faqat xursand bo‘laman", deb duo qildi. Shundan keyin xotirjamlik bilan suratga tushishni boshladim”, — deya so‘zini yakunladi aktyor.