5300 yillik mumiyada xavfli mikroorganizmlar aniqlandi

1991 yilda O‘tztal Alp tog‘larida topilgan 5300 yillik mumiyada uning asta-sekin yemirilishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan zamburug‘ va bakteriyalar aniqlandi. Bu haqda Microbiome jurnalida chop etilgan tadqiqotda ma’lum qilindi.
Hozirda Etsi nomi bilan tanilgan mis davri odamining mumiyasi Janubiy Tirol arxeologiya muzeyida saqlanmoqda. Mumiya maxsus harorat va namlik sharoitida saqlanayotgan bo‘lsa-da, bu choralar mikroorganizmlar faoliyatini to‘liq to‘xtata olmayapti.
Tadqiqotchilar mumiya terisi, to‘qimalari, namlik namunalari va u topilgan hududdan olingan tuproqni o‘rganib, zamonaviy hamda qadimiy mikroorganizmlarni aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Ularning ayrimlari, jumladan, ichak bakteriyalari Etsi hayotligidayoq uning organizmida mavjud bo‘lgani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislar mumiya terisida oqsil, yog‘ va kollagenni parchalay oladigan sovuqqa chidamli zamburug‘lar hamda fenolni parchalovchi bakteriyalarni ham aniqlagan.
Olimlar fikricha, mumiyani saqlab qolishning eng samarali usuli uni qayta muzlatish hisoblanadi. Biroq bu holat uni ilmiy tadqiqotlar va muzey tashrifchilari uchun yopib qo‘yishi mumkin. Shu bois muzey xodimlari mikroorganizmlarni doimiy kuzatib borish va ehtimoliy zararni o‘z vaqtida aniqlashni rejalashtirmoqda.





























Izohlar 0
…