Everestda 6 kun ovqatsiz va kislorodsiz qolgan erkak tirik topildi

Nepallik sherpa (tog‘ yo‘lboshlovchisi) Everest tog‘ida ovqatsiz va qo‘shimcha kislorod ballonisiz olti kun qolib ketganiga qaramay tirik qoldi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 29 may kuni 52 yoshli yo‘lboshlovchi dunyoning eng baland cho‘qqisidan pastga tushayotgan paytda bedarak yo‘qolgan. Uni oxirgi marta uchinchi va to‘rtinchi lagerlar oralig‘ida — dengiz sathidan 8000 metrdan yuqorida joylashgan, havodagi kislorod miqdori o‘ta past bo‘lgani sababli inson tanasi tez holsizlanadigan va “o‘lim hududi” sifatida tanilgan nuqtada ko‘rishgan.
Yaqinlari uning tirik qolishiga bo‘lgan umidni deyarli yo‘qotgan edi. Biroq oradan qariyb bir hafta o‘tgach, sherpa tirik holda aniqlangan. Qutqaruvchilarning aytishicha, u bazaviy lager tomon mustaqil ravishda harakatlanib, emaklab pastga tushayotgan bo‘lgan.
Aniqlanishicha, sherpa bu vaqt davomida kichik paketdagi pechene va eritilgan muz suvi hisobidan hayot saqlab qolgan. U topilganidan keyin vertolyot orqali Katmandu shahridagi shifoxonaga olib ketilgan.
Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, erkakning hushi joyida. Hozirda u sovuq urishi, organizmning suvsizlanishi hamda baland tog‘ sharoitida uzoq vaqt qolish oqibatida kelib chiqqan boshqa asoratlar bo‘yicha davolanmoqda.





























Izohlar 0
…