AQSHda ko‘cha poygasi uyushtirayotgan o‘zbekistonliklar qo‘lga olindi

AQSHning Ohayo shtatida noqonuniy ko‘cha poygalariga qarshi o‘tkazilgan reyd davomida bir guruh o‘zbekistonliklar huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olindi. Hodisa Sinsinnati shahridagi mashhur “Peykor” stadioni atrofida sodir bo‘lgan.
Mahalliy WCPO nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, stadion xavfsizlik xizmati yarim tunda hududda avtomobillar ishtirokida xavfli manyovrlar va noqonuniy poygalar o‘tkazilayotgani haqida politsiyaga xabar bergan.
Voqea joyiga yetib kelgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar olti nafar shaxsni qo‘lga olgan. Sud materiallarida ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani qayd etilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 28 yoshli Temur Nurmatov noqonuniy drag-poyga tashkil qilish va xususiy mulk hududiga ruxsatsiz kirishda ayblanmoqda. Aytilishicha, u Ford Mustang avtomobilida xavfli harakatlar qilib, g‘ildiraklarni aylantirish orqali asfaltda maxsus izlar qoldirgan.
Politsiyaning dronlar bo‘linmasi uni qariyb yarim soat davomida kuzatgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, 19 yoshli Madina Esenova, 23 yoshli Bekdillo Hamidullayev, 21 yoshli Dilmurod Nurmatov, 28 yoshli Ahmadjon Valiyev va 23 yoshli Mumtozaxon Zaburova ham stadion hududiga noqonuniy kirganlikda gumon qilinmoqda.
Tezkor tadbirlar davomida beshta avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Huquq-tartibot xodimlari stadion darvozasi atrofida xavfli aylana harakatlar natijasida qolgan ko‘plab izlarni ham aniqlagan.
Mazkur voqea shahar rahbariyatining ham e’tiborini tortdi. Hodisadan bir necha soat o‘tib, Sinsinnati shahar kengashining Jamoat xavfsizligi qo‘mitasi noqonuniy ko‘cha poygalariga qarshi yangi qat’iy choralarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ma’qulladi.
Taklifga ko‘ra, bunday poygalarda ishtirok etgan shaxslar birinchi marta qoidabuzarlik sodir etsa 1 250 dollar, takroriy holatlarda esa 2 500 dollargacha jarimaga tortilishi mumkin. Bundan tashqari, qoidabuzarlikka aloqador avtomobillarni olti oygacha musodara qilish ham rejalashtirilmoqda.





























Izohlar 0
…