7–8 fevralda havo iliq , ammo tuman tushadi

“O‘zgidromet” 7–8 fevral kunlari uchun ob-havo prognozi bilan chiqdi. Unga ko‘ra, dam olish kunlari respublika bo‘ylab asosan yog‘ingarchiliksiz o‘tadi. Ya’ni, hafta oxirida havo biroz “tin oladi”, lekin ayrim hududlarda tuman va tog‘li joylardagi holat hali ham e’tibor talab qiladi.
Shanba kuni faqat Farg‘ona vodiysi hududlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir yoki qor) bo‘lishi mumkin. Harorat juma kuni kunduzi 1–6 daraja iliq, shimolda 2–7 daraja sovuq bo‘lsa, shanba kuni kechasi 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha bo‘ladi. Kunduzi esa havo ancha yumshab, 7–12 daraja iliqqacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Yakshanba kuni ham asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanadi. Harorat kechasi 0–5 daraja iliq, kunduzi 10–15 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Ayrim joylarda tuman tushishi mumkin. Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi, 6 va 8 fevral kunlari ba’zi hududlarda 13–18 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor.
Tog‘li hududlarda esa havo “o‘z qoidasi” bilan: vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatilishi mumkin. Eng muhimi, qor ko‘chishi xavfi saqlanadi, shu uchun tog‘ yo‘llarida ehtiyot bo‘lish tavsiya etiladi.
Toshkent shahrida dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shanba kuni kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat shanba kuni kechasi 1 daraja sovuqdan 1 daraja iliqqacha, kunduzi 9–11 daraja iliq bo‘ladi. Yakshanba kuni kechasi 1–3 daraja iliq, kunduzi 13–15 daraja iliqni tashkil etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!