O‘zbekistonning 3 shahri Osiyo top-30 ro‘yxatiga kirdi

O‘zbekistonning uch shahri — Samarqand, Buxoro va Xiva — xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Polshada nashr etiladigan “National Geographic Traveler” jurnali ularni Osiyoning eng go‘zal 30 shahri qatoriga kiritdi.
Maqola muallifi, jurnalist Agneshka Franus, O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va Buyuk Ipak yo‘li shaharlarining me’moriy jozibasini alohida ta’kidlagan. Samarqanddagi Registon ansambli, Shohi-Zinda, Bibixonim masjidi va Amir Temur maqbarasi dunyo miqyosidagi durdonalar sifatida tilga olingan.
Buxorodagi Ark qal’asi va qadimiy madrasalar shaharning davlatchilik tarixi bilan bog‘liq ahamiyatini namoyon etsa, Xivadagi Ichan-qal’a majmuasi ochiq osmon ostidagi muzey sifatida yuqori baholangan.
Jurnalda sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar ham e’tirof etilgan. Xavfsizlik, transport infratuzilmasi, xizmatlar sifati va narxlar mutanosibligi O‘zbekistonni mustaqil sayohat uchun qulay manzilga aylantirgani qayd etilgan. Shuningdek, mahalliy aholining mehmondo‘stligi maqolada alohida urg‘u bilan tilga olingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!