MrBeast Samarqand, Buxoro va Xivaga ham boradimi?

Dunyoga mashhur bloger MrBeast O‘zbekiston bo‘ylab sayohatini davom ettirishi mumkin. Uning jamoasi 10 oktyabrdan boshlab Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.
Bu haqda 9 oktyabr kuni Toshkentda bloger muxlislari bilan uchrashuv vaqtida uning jamoasi vakillari ma’lum qildi. Tashkilotchilar xavfsizlik va suratga olish jarayonining maxfiyligini ta’minlash maqsadida safarning aniq jadvali hamda boshqa tafsilotlarini oshkor etmagan.
Pressa.uz nashrining hukumatdagi manbasi esa MrBeast nomi bilan tanilgan amerikalik bloger Jimmi Donaldsonning ushbu sayohatda shaxsan ishtirok etishini tasdiqlagan.
Samarqand, Buxoro va Xiva o‘zining qadimiy me’moriy obidalari, boy tarixi va madaniy merosi bilan mashhur. MrBeast jamoasining ushbu shaharlarga tashrifi O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga xalqaro auditoriya e’tiborini yanada oshirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, MrBeast 9 oktyabr kuni Toshkentga kelib, muxlislari bilan uchrashdi. Blogerning O‘zbekistonga tashrifi uning Markaziy Osiyoga ilk safari hisoblanadi.






























Izohlar 0
…