date

O‘zbekiston Senati shartli ozod qilish ustidan nazoratni kuchaytirdi

O‘zbekiston Senati shartli ozod qilish ustidan nazoratni kuchaytirdi

Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Mazkur hujjat inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, jinoiy-ijroiya tizimini takomillashtirish hamda probatsiya institutining samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.

Qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishlar bilan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar ustidan nazorat kuchaytirilmoqda. Endilikda ular vakolatli organlarga vaqti-vaqti bilan kelib, ro‘yxatdan o‘tib turishlari shart bo‘ladi. Shuningdek, shartli ozod qilingan shaxs zimmasidagi majburiyatlarni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishda advokat yoki shaxsning o‘ziga iltimosnoma kiritish huquqi berilmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali shartli ozod qilishni bekor qilish tartibi aniqlashtirildi. Ushbu masalalar mahkum istiqomat qilayotgan hududdagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman yoki shahar sudi sudyasi tomonidan hal etilishi belgilanmoqda. Jinoiy-ijroiya kodeksi esa shartli ozod qilinganlar ustidan nazoratning huquqiy mexanizmlarini belgilovchi yangi bob bilan to‘ldirildi.

“Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, tergov hibsxonasidagi shaxslarga dam olish va bayram kunlari kamida ikki soat sayr qilish, qo‘shimcha kiyim-bosh va poyabzal olish huquqi berilmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat hamda eng zarur buyumlarni sotib olish uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori eng kam ish haqining bir baravarigacha oshirilmoqda.

Senat a’zolari ushbu qonun jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish va inson huquqlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Muhokamalardan so‘ng senatorlar qonunni ma’qulladilar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Senati shartli ozod qilish ustidan nazoratni kuchaytirdi