Chelsi nishonida boʻlgan iqtidorli hujumchi Frankfurtga yoʻl olishi mumkin

Fransiyaning Saint-Étienne klubi tarbiyalanuvchisi va U20 terma jamoasi hujumchisi Djylian N'Guessan faoliyatini Germaniya Bundesligasida davom ettirishi kutilmoqda. Transfer eksperti Fabrizio Romano bergan maʻlumotlarga koʻra, Eintracht Frankfurt 17 yoshli iqtidor egasini oʻz safiga qoʻshib olish boʻyicha muzokaralarni boshlagan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
N'Guessan oʻz vatanida eng istiqbolli yosh futbolchilardan biri hisoblanadi. Garchi u joriy mavsumda Saint-Étienne asosiy tarkibida kam maydonga tushgan boʻlsa-da, yosh iqtidorlarni kashf qilish bilan tanilgan Eintracht Frankfurt skautlari eʻtiborini tortishga ulgurdi. Futbolchi Fransiya yoshlar terma jamoalarida oʻzining sermahsulligi bilan ajralib turadi: U17 jamoasida 11 oʻyinda 11 ta gol, U16 safida esa 14 oʻyinda 12 ta gol urishga muvaffaq boʻlgan.
Qizigʻi shundaki, yanvar oyida Londonning Chelsi klubi ushbu hujumchi uchun 8 million yevro taklif qilgan edi. Biroq oʻsha paytda Saint-Étienne rahbariyati yuqori divizionga qaytish maqsadida asosiy iqtidorlarini sotishdan bosh tortgan. L'Équipe nashri xabariga koʻra, klubning elitaga qayta olmagani moliyaviy strategiyani oʻzgartirishga va bir qator yetakchi oʻyinchilarni, jumladan N'Guessanni ham sotishga majbur qilmoqda.
Chelsi kabi grand jamoalarning qiziqishiga qaramay, Eintracht Frankfurt yosh fransuz futbolchilari uchun ajoyib tramplin vazifasini oʻtab kelmoqda. Shu sababli, Djylian N'Guessan faoliyatini aynan Germaniyada davom ettirish varianti hozirda eng haqiqatga yaqini boʻlib turibdi.





























Izohlar 0
…