Ertaga mamlakatning ayrim hududlarida yomg‘ir kutilmoqda

Ertaga O‘zbekistonning bir qator hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir hamda momaqaldiroq kuzatilishi ehtimoli bor. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda esa sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi aytilmoqda. Bu haqda “O‘zgidromet” 5 iyun kuni uchun e’lon qilingan ob-havo prognoz ma’lumotlarida xabar berilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida havo o‘zgaruvchan bo‘lib, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Harorat kechasi 17–19 daraja, kunduzi esa 30–32 daraja atrofida bo‘ladi. Shamol sharqiy yo‘nalishda 3–8 m/s tezlikda esadi, ayrim hududlarda 10–12 m/s gacha kuchayib, chang va to‘zonlar kuzatilishi ehtimoli bor.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kunduzi 28–33 darajagacha ko‘tariladi. Xuddi shunday ob-havo Buxoro va Navoiy viloyatlarida ham saqlanib, kunduzgi harorat 35 darajagacha yetishi mumkin.
Toshkent viloyati, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida asosan quruq ob-havo saqlanadi. Faqat Toshkent viloyatining ayrim tumanlarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli mavjud. Harorat 28–33 daraja atrofida bo‘ladi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida eng issiq ob-havo saqlanib qoladi. Bu hududlarda kunduzi havo harorati 33–38 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilingan.
Farg‘ona vodiysi — Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham kunning ikkinchi yarmida ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir hamda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Harorat kunduzi 28–33 daraja atrofida bo‘ladi.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida esa vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqda. Harorat kechasi 10–15 daraja, kunduzi 18–23 daraja atrofida bo‘ladi. Shu bilan birga, ushbu hududlarda sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi xavfi saqlanib qolmoqda.
Sinoptiklar 4–5 iyun kunlari tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholi hamda dam oluvchilarni ehtiyotkorlikka chaqirdi. Sel kelishi ehtimoli bor joylarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish tavsiya etilgan.





























Izohlar 0
…